Semafor nashri bu haqda muhokama jarayoni bilan tanish ikki manbaga tayanib xabar bermoqda.
"Vashington, shuningdek, BMTni ham xuddi shu yo‘ldan borishga chaqirish imkoniyatini muhokama qilmoqda", deb yozadi Semafor manbalari.
Nashrning qayd etishicha, Donald Tramp hozircha bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan, ammo Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish imkoniyati uning ma’muriyati urushni to‘xtatish bo‘yicha olib borayotgan jarayonda muhokama qilinayotgan "ko‘plab variantlardan biri" hisoblanadi.
Oq uy Semafor'ning bu xabar yuzasidan so‘roviga javob berishdan bosh tortdi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tramp jamoasi vakillari Kiyev bilan ehtimoliy hududiy imtiyozlarni muhokama qilganini tasdiqladi. Biroq u batafsil ma’lumot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Volodimir Zelenskiy Ukraina uchun har qanday hududiy imtiyozlarning yuridik tan olinishi Kiyev uchun “qizil chiziq” ekanini ta’kidlagan edi.