O‘zbekistonning «Ohangaronsement» zavodi AQSh yangi sanksiyalariga uchradi. Shuningdek, 2022 yil boshida zavodning 98,6 foiz aksiyasini sotib olgan, Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ham cheklovlar ostida qoldi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi saytida ma’lum qilindi.
2021 yil may oyida Kiprning Lamanka Enterprises kompaniyasi «Ohangaronsement» zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushni sotib olgandi. Bitim summasi 557,6 milliard so‘mga baholangan edi. 2022 yil yanvar oyida Britaniya Virjiniya orollarining Giacinttar va Lamanka Enterprises kompaniyalari «Ohangaronsement»dagi ulushlarini 1,88 trillion so‘mga sotganini e’lon qildi. Keyinchalik xaridor Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ekani ma’lum bo‘lgandi.
AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operasiyalarni 11 iyulgacha tugatish talabini qo‘ygan.
OFAC jismoniy va yuridik shaxslarni milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar maqsadida ushbu ro‘yxatga (SDN List) joylashtiradi. SDN ro‘yxatidagi kompaniyalarning aktivlari bloklanadi. Amerika fuqarolari va shaxslariga ular bilan har qanday biznes yoki bitimlar olib borish taqiqlanadi.