Tramp ma’muriyati 15 mart kuni "Qo‘pol chavandoz" operasiyasini boshladi va bir necha oylar davomida Yamandagi husiy pozisiyalariga vaqti-vaqti bilan zarba berib kelgan harakatlarini kuchaytirdi.
AQSh harbiy kuchlari ma’lum qilishicha, ularning qo‘shinlari mart oyi o‘rtalaridan beri Yamanda "1000 dan ortiq nishonga zarba bergan," "husiy jangchilari va rahbarlarini, shu jumladan husiylarning yuqori martabali raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘yicha mas’ullarini yo‘q qilgan hamda ularning imkoniyatlarini zaiflashtirishga erishgan." Husiylar fuqarolik inshootlari zarar ko‘rgani va halok bo‘lganlar orasida bolalar borligini ta’kidlashiga qaramay, AQSh tinch aholi qurbonlari haqida ma’lumot bermagan.
Eng ko‘p qurbon olgan hujum 18 aprel kuni sodir bo‘ldi. Mahalliy amaldorlarning aytishicha, Ras Isa yoqilg‘i portiga berilgan zarba natijasida kamida 80 kishi halok bo‘ldi va 150 kishi yaralandi.
28 aprel kuni AQSh kuchlari Saadadagi muhojirlarni saqlash markaziga hujum qildi, natijada kamida 68 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi. Markazda asosan Afrika mamlakatlaridan kelgan hibsga olingan muhojirlar saqlanayotgan edi.
Tramp ma’muriyati zarbalarni husiylarning AQSh savdo va harbiy-dengiz kemalariga bergan hujumlariga javoban o‘zini himoya qilish maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlamoqda. Ular olti hafta davom etgan harbiy harakatlar uchun Kongress tasdig‘i talab etilmasligini aytishmoqda. Biz avval xabar berganidek, husiylar Qizil dengizdagi kema qatnovi yo‘llarini nishonga olmoqda va o‘z harakatlarini Isroil G‘azo hamda bosib olingan G‘arbiy Sohilga hujumini davom ettirayotgan bir paytda falastinliklar bilan birdamlik ifodasi sifatida baholashmoqda.