Bugun 11 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

AQSh Microsoft xodimlariga ish vizasi va grin-karta berishni taqiqladi

AQSh Microsoft xodimlariga ish vizasi va grin-karta berishni taqiqladi

AQSh hukumati yettita yirik IT-kompaniyasining xorijlik xodimlariga grin-karta olishda yordam beruvchi dasturda qatnashishni vaqtincha taqiqladi, deb yozmoqda Reuters.

AQSh Mehnat vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2009 yildan buyon ushbu kompaniyalar qariyb 3 million nafar xorijlikni ishga jalb qilgan. Shuningdek, ular chet ellik xodimlar uchun 230 mingta H-1B ish vizasi va 100 mingta grin-karta berishga ruxsat olgan.

Endilikda vazirlik ushbu kompaniyalardan yangi arizalarni qabul qilmaydi, avvalroq topshirilganlarini ham ko‘rib chiqmaydi. AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning aytishicha, cheklovlar “qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt” amal qiladi.

Vens, shuningdek, Microsoft’ni xorijliklarni ishga yollash tizimini suiiste’mol qilishda aybladi. Uning aytishicha, kompaniya 2025 yilda 6 ming nafar amerikalik xodimini ishdan bo‘shatgan. Shu bilan birga, xorijlik xodimlari uchun 6 300 ta H-1B ish vizasi va 3 mingta grin-kartaga ruxsat olgan.

Vensning ta’kidlashicha, Microsoft xorijliklarga kamroq maosh to‘lash mumkinligi sabab ularni ishga olishga atay ustuvorlik bermoqda.

Microsoft esa bu ayblovlarni rad etdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili viza olish uchun topshirilgan arizalarning 80 foizi yangi xodimlarni yollashga emas, balki mavjud vizalarni uzaytirishga qaratilgan. Shuningdek, kompaniya xorijlik xodimlarga ham amerikalik xodimlar bilan teng haq to‘lanishini ta’kidladi.

Nadella va Mask ham o‘z vaqtida AQShga H-1B ish vizasi orqali kelgan, deb eslatdi Reuters.

Shu bilan birga, AQSh hukumati xorijliklar uchun viza dasturlaridan noqonuniy foydalanish holatlari yuzasidan to‘qqizta universitetni, jumladan, Garvard, Yel va Stenford universitetlarini tekshirmoqchi.

Kiritildi: 01:30 10.10.2026. O'qildi: 823 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!