AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kubani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Amerika ma’muriyati vakillari xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika rasmiylari tegishli e’lonni 14 yanvar kuni berishi mumkin. Shu bilan birga, agentlikning ta’kidlashicha, Kuba AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inaugurasiyasidan so‘ng keyingi haftadayoq yuqorida qayd etilgan ro‘yxatga qaytishi mumkin, chunki AQSh Davlat kotibi lavozimiga nomzod Marko Rubio orol davlatiga qarshi cheklov choralarining qizg‘in tarafdori.
Amerika Qo‘shma Shtatlari oroldagi Amerika mulkining milliylashtirilishiga javoban 1961 yilda Kuba bilan diplomatik aloqalarni uzdi va keyinchalik savdo-iqtisodiy embargo e’lon qildi. 2014 yil dekabrida AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama Vashingtonning Gavanaga nisbatan avvalgi siyosati ish bermayotganini tan oldi va ikki tomonlama aloqalarni normallashtirish va sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha harakatlarni e’lon qildi. 2015 yilda Obama ma’muriyati Kubani AQShning terrorizm homiylari davlatlari ro‘yxatidan chiqarishini e’lon qilgan edi.
Ikki davlat o‘rtasidagi yaqinlashuv respublikachi Donald Tramp 2017 yil yanvarida prezidentlikka kelganidan so‘ng to‘xtatilgan edi. U vatandoshlarning respublikaga sayohat qilish qoidalarini qattiqlashtirdi va Kuba harbiylari nazorati ostidagi tashkilotlar bilan biznes yuritishni taqiqladi. Tramp ma’muriyati, shuningdek, Kubani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qayta kiritdi. Bayden ma’muriyati Kubaga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishni aytdi, biroq bu mamlakatni ro‘yxatdan o‘chirgani yo‘q.