AQShda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq Kongress saylovlarida asosiy savol — respublikachilar qanchalik katta mag‘lubiyatga uchrashi va demokratlar qanday natija qayd etishi bo‘ladi. Bu haqda Sankt-Peterburg davlat universitetining Amerika tadqiqotlari kafedrasi dosenti Grigoriy Yarigin ma’lum qildi.
Ekspertning ta’kidlashicha, AQShda an’anaviy ravishda oraliq saylovlarda Oq uyni nazorat qilayotgan partiya parlamentdagi o‘rinlaridan ayriladi. Shu sababli respublikachilarning mavqei zaiflashishi ehtimoli muhokama qilinmoqda.
Yarigin Senat uchun kurash ayniqsa keskin kechayotganini qayd etdi. Hatto respublikachilar an’anaviy ravishda ustun bo‘lgan ayrim shtatlarda ham raqobat kuchaygan. Jumladan, Texasda demokratlar g‘alaba qozonishi ehtimoli respublikachilarni xavotirga solmoqda.
Ekspertning aytishicha, respublikachilar Senat saylovlariga katta mablag‘ va resurslar sarflamoqda, milliarder Ilon Mask ham ularni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shilgan. Biroq jamoatchilik so‘rovlari natijalariga to‘liq ishonib bo‘lmaydi, shuning uchun saylov natijasini oldindan aniq baholash qiyin.