Agar Yevropa moddiy tomondan ta’minlasa, AQSh joriy yilda Ukrainaga 12–15 milliard dollarlik qurol sotishga tayyor — NATO bosh kotibi.
Mark Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, gap faqat AQSh taqdim eta oladigan strategik tizimlar haqida ketmoqda, Yevropa esa buning uchun to‘lovlarni amalga oshira oladi.
"Men Kiyevga qurol yetkazib berishlar davom etishiga va buning uchun yetarli mablag‘ to‘play olishimizga ishonaman. Bu uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz", — deya qo‘shimcha qildi alyans bosh kotibi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yevropaliklar Ukraina uchun AQSh qurollarini PURL dasturi orqali sotib olmoqda, chunki Vashington Kiyevga beriladigan beg‘araz harbiy yordamni to‘xtatgan.
Ryutte ushbu dastur doirasidagi asosiy yetkazib berishlar havo hujumidan mudofaa vositalariga taalluqliligini bildirdi.
Biroq hozircha Yevropa Amerika qurollarini xarid qilish uchun 15 milliard dollar ajratishga tayyor ekanini tasdiqlovchi ma’lumot yo‘q. Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Ramshteyn” uchrashuvi chog‘ida PURL dasturi doirasida Ukrainaga 500 million dollar ajratilishi va’da qilingan.