AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroilga 20 milliard dollarga yaqin qurol sotishni ma’qulladi. Gap F-15 samolyotlarining katta partiyasi, shuningdek, havo-havo raketalari va boshqa o‘q-dorilar haqida bormoqda, deb yozadi Washington Post. Ushbu partiyadan birinchi samolyot 2026 yilda yetkazib beriladi.
Buyurtma, shuningdek, 120 mm tank snaryadlari, havo hujumidan mudofaa raketalari, jangovar mashinalar va minomyot snaryadlarini o‘z ichiga oladi. Bitimning aniq summasi 18,8 milliard dollarni tashkil qiladi.
Davlat departamenti ushbu buyruqni sharhlar ekan, Qo‘shma Shtatlar xavfsizlik bilan bog‘liq barcha masalalarda Isroilga sodiq qolishini aytdi.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant AQShga ushbu yangi qurol yuki uchun minnatdorchilik bildirdi.