AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorladi. Bu haqda AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ma’lum qildi.
“Men (respublikachi senator Lindsi Grem bilan) dam olish kuni suhbatlashdim. “Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risida”gi qonun tayyor ekani va yaqin fursatda e’lon qilinishini ma’lum qilishdi. Ular (ya’ni, yangi sanksiyalar – tahr.) anchagina og‘ir”, – degan AQSh prezidentining maxsus vakili.
Senatorlar Lindsi Grem va Richard Blyumental tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarga 500 foiz miqdorida boj to‘lovi joriy etish ko‘zda tutilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bir necha kun oldin Rossiya to‘liq otashkesimga rozi bo‘lishi uchun AQSh prezidenti Donald Trampni yangi sanksiyalarni tasdiqlashga chaqirgan edi. Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya rahbariyati bundan boshqa usulni tushunmaydi.
AQSh qonunchiligiga muvofiq, hujjat Kongress tasdig‘idan o‘tgach, prezident tomonidan ma’qullanishi kerak.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi ham Putinning urushni to‘xtatishdan bosh tortganiga javoban energetika va moliya sektorlariga daxldor yangi sanksiyalar paketi joriy qilgandi. Yangi sanksiyalar tarixdagi eng ko‘lamdor cheklov choralari deb baholangan.
Prezidentlik saylovi davrida Rossiya – Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan Tramp Oq uyga kelganidan buyon Putin bilan bir necha bor telefonda suhbatlashdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Kreml Oq uy taklif etayotgan tinchlik bitimini qabul qilmay, turli-tuman shartlarni ilgari surayotgani va vaqtni cho‘zayotgani sabab Trampning Putindan hafsalasi pir bo‘lmoqda.
So‘nggi ikki oy mobaynida Kreml vakillari hamda Putinning o‘zi bilan bir necha marta muzokara o‘tkazgan Oq uy mulozimlari muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi deb hisoblaydi.
Jahon matbuoti yozishicha, Tramp ma’muriyati saxiylarcha takliflar bilan ham Ukrainani butkul bosib olishni ko‘zlagan Putinni sulhga ko‘ndira olmayotir.
Tramp avvalroq Putinning Zelenskiy hokimiyati legitimligini shubha ostiga olganidan darg‘azab bo‘lgandi.
May oyi oxirida Rossiya Ukrainaga yuzlab raketa va dron bilan hujum uyushtirgani ortidan Tramp Putinni “aqldan ozgani” haqida yozdi.
Rasmiy Vashington Rossiya va Ukraina muzokaralarda xayrixohlik ko‘rsatmasa, urushni to‘xtatish bo‘yicha vositachi rolidan voz kechishidan ham ogohlantirgan.