AQSh Grenlandiyadagi manfaatlari yo‘lida boshqa davlatlardan “bahona” sifatida foydalanmasin — Xitoy TIV.
Dushanba kuni Pekinda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning Vashington Grenlandiyada Xitoy va Rossiya nazoratini oldini olish maqsadida orolni egallashi kerakligi haqidagi bayonotiga izoh berdi.
Xitoy TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, Pekinning Arktikadagi faoliyati mintaqada tinchlik, hamkorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan hamda xalqaro huquqqa asoslangan.
"Barcha davlatlarning Arktikada qonun doirasida faoliyat yuritish huquqlari hurmat qilinishi lozim. AQSh boshqa davlatlarni bahona qilib, o‘z manfaatlarini ko‘zlamasligi kerak. Arktika xalqaro hamjamiyatning umumiy manfaatlariga taalluqli hududdir", — dedi xitoylik rasmiy.
AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani Rossiya yoki Xitoy egallamasligi uchun sotib olishni xohlashini aytmoqda. Daniya va Grenlandiya rahbarlari esa hududning kelajagi uning aholisi tomonidan belgilanishi kerakligini ta’kidlamoqda.