AQSh hukumati «Green card» lotereyasida ishtirok etishni pulli qilib, har bir ariza uchun 1 dollar to‘lov belgilandi.
AQSh Davlat departamentining rasmiy hujjatiga ko‘ra, endilikda Diversity Visa («Green card») lotereyasida ishtirok etish istagidagi shaxslar ariza topshirish vaqtida onlayn tarzda 1 dollar to‘lashlari lozim bo‘ladi. Yangi talab joriy mavsumdan amal qiladi.
Mazkur o‘zgarish lotereya jarayonini samarali tashkil etish va sistema orqali asossiz arizalar sonini kamaytirish maqsadida joriy etilgani ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, Davlat departamenti to‘lov miqdori barcha qatlamdagi fuqarolar uchun mutlaqo arzon va oson to‘lanadigan qilib belgilanganini qayd etgan.
«Green card» lotereyasi har yili millionlab arizalarni qabul qiladi. Uning g‘oliblari AQShda doimiy yashash huquqiga ega bo‘ladi. Mutaxassislar fikricha, to‘lovning kiritilishi asossiz va ko‘p sonli arizalarni qisqartiradi, ammo talab yuqori bo‘lgani uchun katta o‘zgarishlar kutilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh noimmigrasion vizalari uchun fuqarolarga katta cheklov qo‘yganligi haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, xorij fuqarolari noimmigrasion vizalar, jumladan, B1/B2 sayyohlik vizasi uchun arizani faqat o‘z fuqaroligi yoki doimiy yashash huquqiga ega mamlakatda topshirishi mumkin.