Qo‘shma Shtatlar Eronning xorijda muzlatib qo‘yilgan 12 milliard dollar miqdoridagi moliyaviy aktivlaridan foydalanishga ruxsat berishi kutilmoqda. Bu haqda Eron davlat teleradiokompaniyasi (IRIB) ikki tomonlama o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasiga tayanib xabar tarqatdi.
"RIA Novosti"ning Eron OAVlaridan keltirgan iqtibosiga ko‘ra, mazkur hujjat loyihasida Vashington zimmasiga 60 kunlik muddat ichida Tehronning ushbu mablag‘lariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish majburiyati yuklangan.
Bundan oldinroq Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Ali Bageri Kyani Tehronning pozisiyasini ma’lum qilib, AQShdan barcha muzlatilgan mablag‘larni hech qanday istisno va shartlarsiz qaytarishni talab etayotganliklarini bayon qilgan edi.
O‘z navbatida, "Tasnim" agentligi muzokaralar jarayoniga yaqin bo‘lgan manbasiga tayanib, Eron tomoni 14 ta banddan iborat o‘z talablar paketini taqdim etganini bildirdi. Unga ko‘ra, Tehron chet el banklaridagi jami 24 milliard dollarlik aktivini blokdan chiqarishni so‘ragan. Ushbu mablag‘larning teng yarmi memorandum imzolangan zahoti, qolgan qismi esa keyingi ikki oy ichida Eron ixtiyoriga o‘tkazilishi lozimligi ta’kidlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda ko‘rib chiqilayotgan hujjat loyihasidan nafaqat moliyaviy mablag‘lar, balki Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnovi xavfsizligi masalasi ham joy olgan. Shunday bo‘lsa-da, mazkur hujjat hozircha rasmiy maqomga ega emas va yakuniy kelishuv sifatida tasdiqlanmagan.