Bugun 22 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

AQSh Eron bilan urushga 38 milliard dollar sarfladi

AQSh Eron bilan urushga 38 milliard dollar sarfladi

AQShning Eronga qarshi olti oylik urushi mamlakatga 38 milliard dollarga tushgan. Bu haqda Reuters Kongress byudjeti boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Boshqarma hisob-kitoblariga ko‘ra, urush xarajatlari oyiga yana 3 milliard dollarga oshishi mumkin. 1 avgust holatidagi baholashga ko‘ra, mojaro 2027 yilning dastlabki uch oyida AQShda inflyasiya darajasining 0,5 foizga oshishiga olib kelishi mumkin.

Xarajatlarning katta qismi o‘q-dorilar zaxirasining tez kamayishi bilan bog‘liq. Byudjet boshqarmasi zaxiralarni tiklash besh yilgacha vaqt olishi mumkinligini taxmin qilgan. Avgust oyida Reuters AQSh uzoq masofaga uchuvchi aniq boshqariladigan raketalar zaxirasining «deyarli barchasi» ishlatilganini xabar qilgan edi.

Mutaxassislar muhim o‘q-dorilar, jumladan, raketalarni ushlab qoluvchi vositalar tanqisligi yangi yirik mojaro yuzaga kelgan taqdirda Pentagonning javob choralarini cheklashi mumkinligini bildirgan.

Urush xarajatlari energiya narxlarining oshishiga, federal byudjetga bosimning kuchayishiga va AQShning moliyaviy ahvoli yomonlashishiga olib kelmoqda. Avgust oyida mamlakatning umumiy davlat qarzi 40 trillion dollardan oshgan.

Shu bilan birga, hisob-kitoblarga Hurmuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga qilingan so‘nggi hujumlar, mintaqadagi AQSh harbiy ob’ektlariga zarbalar va urushni qarz hisobidan moliyalashtirish xarajatlari kiritilmagan. Bu omillar umumiy xarajatlarga yana o‘nlab milliard dollar qo‘shishi mumkin.

Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli AQSh harbiylari Bosh qo‘mondon Donald Trampning strategik maqsadlariga erishish uchun yetarli miqdorda o‘q-dori va boshqa ta’minot vositalariga ega ekanini aytdi.

Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell ham o‘q-dorilar tanqisligi haqidagi xabarlarni rad etib, AQSh prezidenti belgilagan vaqt va joyda zarba berish uchun zarur imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi.

Urush xarajatlari bo‘yicha tekshiruv AQSh Vakillar palatasi Byudjet qo‘mitasidagi yuqori lavozimli demokrat, Pensilvaniya shtati vakili Brendan Boyl so‘roviga ko‘ra o‘tkazilgan.

«Insoniy talafotlardan tashqari, Kongress byudjeti boshqarmasining ushbu xolis hisoboti urush Amerika soliq to‘lovchilariga o‘nlab milliard dollarga tushganini va xarajatlar o‘sishda davom etayotganini aniq ko‘rsatmoqda», — dedi Boyl.

Eron bilan urushda 18 nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.

Donald Tramp Eron bilan urushni 2001 yil 11 sentyabrdagi terrorchilik hujumlaridan keyin AQShning Iroq va Afg‘onistonga harbiy aralashuvi bilan taqqoslab keladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Iroqdagi sakkiz yillik urushi 2 trillion dollarga, Afg‘onistondagi 20 yillik mojaro esa 2,3 trillion dollarga tushgan.

Kiritildi: 19:31 16.09.2026. O'qildi: 1004 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!