So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalarida semizlik yoki surunkali kasalliklar AQSh vizasini olish jarayonida rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar keng muhokama qilindi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi mazkur ma’lumotlarga izoh berib, ularning noto‘g‘ri ekanini ma’lum qildi.
Elchixona ta’kidlashicha, AQSh Davlat departamentining ichki hujjatlarida keltirilgan B toifasidagi kasalliklar ro‘yxati o‘zgarmagan. Viza berish bo‘yicha qarorlar esa arizachining barcha shaxsiy, moliyaviy va sog‘liq holati bilan bog‘liq omillarni kompleks baholash orqali qabul qilinadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, semizlik vizani rad etishga avtomatik asos bo‘lmaydi. Tibbiy ko‘riklarning asosiy maqsadi — jamiyat uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklarni aniqlash hamda arizachining ruhiy va jismoniy sog‘lig‘i boshqalarga xavf solmasligiga ishonch hosil qilishdir.
AQSh elchixonasi qayd etishicha, hukumatning asosiy vazifalaridan biri — mamlakatga kiruvchi shaxslar davlatga moliyaviy yuk bo‘lmasligi va ularning yashash hamda tibbiy xizmat xarajatlari mustaqil ravishda qoplanishini ta’minlash orqali soliq to‘lovchilarning manfaatlarini himoya qilishdir.