Qo‘shma Shtatlar Yerning tabiiy sun’iy yo‘ldoshida uzoq muddatli bo‘lish va kelajakda Marsga parvozlarni amalga oshirish uchun Oyga yadro reaktorini o‘rnatish niyatida.
Bu haqda NASA rahbari vazifasini bajaruvchi, AQSh transport vaziri Shon Daffi uchuvchisiz transport vositalarini tartibga solishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oyda atom energiyasidan foydalanish barqaror infratuzilmani yaratadi va kelajakda Oy bazasini energiya bilan ta’minlaydi. "Mana, bu yangi tushuncha emas. Bu Donald Trampning birinchi muddatida, keyin Jo Bayden davrida muhokama qilingan. Biz poygadamiz - Oy uchun poyga, Xitoy bilan poyga. Va Oyda bazaga ega bo‘lish uchun bizga energiya kerak", - deya ta’kidladi NASA rahbari.
Daffining ta’kidlashicha, Oyning quyosh nurlari va muz konlari joylashgan hududi ayniqsa istiqbolli. "Biz birinchi bo‘lib u yerga etib, Amerika uchun o‘sha hududni olmoqchimiz", dedi u.
NASA rahbari ta’kidlaganidek, quyosh energiyasi hayotni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan energiya ehtiyojlarini to‘liq qondira olmaydi. "Buning uchun yadroviy parchalanish texnologiyasi kerak bo‘ladi. Va yirik elektr stansiyalari miqyosida emas - biz 100 kVt quvvat haqida gapiramiz, bu taxminan 186 kvadrat metr uyning uch yarim kun davomida iste’moliga teng", - deb tushuntirdi Daffi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, quyosh energiyasidan Oyning ma’lum hududlarida foydalanish mumkin, ammo bu yadro texnologiyasi Oyda uzoq vaqt qolish sharoitida barqaror energiya manbasini ta’minlaydi. "Biz bu imkoniyatni o‘rganish uchun allaqachon yuzlab million dollar sarfladik. Endi biz o‘qishdan amaliyotga o‘tmoqdamiz", dedi u.
“Agar biz haqiqatan ham Oydagi hayotni qo‘llab-quvvatlab, keyin Marsga bormoqchi bo‘lsak, bu texnologiyasiz ishlay olmaymiz”, — deya xulosa qildi Shon Daffi.