AQSh Adliya vazirligi Tik Tok'ni bolalar haqidagi ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ishda aybladi. Agentlik ijtimoiy tarmoq va unga egalik qiluvchi kompaniyani jarimaga tortishni talab qilmoqda, deb xabar beradi Podrobno.uz muxbiri.
New York Times gazetasining yozishicha, da’vo arizasida 13 yoshgacha bo‘lgan bolalardan ota-onalarning roziligisiz ma’lumotlar to‘plangani aytiladi. Shuningdek, aniqlik kiritilishicha, ijtimoiy tarmoq ota-onalar so‘raganida akkauntlarni o‘chirishdan bosh tortgan.
«Ilovada 13 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun »Bolalar rejimi« mavjud, ammo platforma bila turib, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga Tik Tok'ning standart rejimida akkaunt yaratishga ruxsat berishda davom etmoqda va ota-onalarni ogohlantirmasdan yoki ota-onaning tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan roziligini olmasdan, bu bolalardan shaxsiy ma’lumotlarni to‘playdi.» da’vo arizasida aytiladi.
Adliya vazirligi Tik Tok va Xitoyning ByteDance ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi kompaniyasini jarimaga tortishni, shuningdek, «Tik Tok'ning bolalar shaxsiy hayotiga noqonuniy ravishda keng ko‘lamli tajovuz qilishiga chek qo‘yishni» talab qildi.
Ijtimoiy tarmoq rahbariyati ayblovlarni inkor etib, da’vo arizasida keltirilgan holatlar noto‘g‘ri yoki kompaniya tomonidan allaqachon ko‘rib chiqilganini da’vo qilmoqda.
Aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden qonunni imzoladi, unga ko‘ra, agar ByteDance shu vaqtgacha Tik Tok'ni sotmasa, yanvar oyining oxirigacha dastur shtatlarda taqiqlanadi. Bu qaror milliy xavfsizlik sabablari bilan izohlangan.