Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

Andijonda ukasining ko‘kragiga pichoq sanchgan kollej o‘quvchisiga hukm o‘qildi

Andijonda ukasining ko‘kragiga pichoq sanchgan kollej o‘quvchisiga hukm o‘qildi

Aslida Shokir (maqoladagi ism-familiyalar o‘zgartirildi)ning niyati yomon emasdi. O‘sha kuni bosh kiyim ustida ukasi bilan janjallashib qoldi-yu, «Bir qo‘rqitib qo‘yay» degan o‘yda xontaxta ustida turgan oshxona pichog‘ini unga qarata otdi. Aka nishonga olishda adashmagandi: pichoq to‘g‘ri borib, ukaning chap ko‘krak qafasiga sanchildi.

«Qoshiqni olaman deb....»

«O‘sha kuni soat 16.00 da daladagi ishlarni tugatib, uyga qaytib keldim. Ichkariga kirib qarasam, ukam Dildshodga bergan bosh kiyimim chang arqon orasida yotibdi. Jahlim chiqib, Dilshodni chaqirdim. Javob beravermagach, uni izlab, oshxonaga kirdim» – deya sudda ko‘rsatma bergan Shokir Alimov bo‘lib o‘tgan voqea qasddan sodir etilmaganini bayon etdi.

Aslida ham aka jigarini o‘ldirishni reja qilmagan, ammo kishi g‘azab otiga mingan vaqt nima qilayotganini nazorat qilolmay qoladi. Shu kuni ukasi bergan bosh kiyimi chang arqon orasida yotganini ko‘rgan Shokir undan hisob so‘raydi. Ukaning mujmal javobidan qoni qaynagan aka, dasturxon ustida turgan qoshiqni unga qarata otaman, deb, adashib pichoqni otib yuboradi. Pichoq Dilshodning yonboshiga tegib devorga uriladi. Bu vaqtda Dilshod o‘tirib qolgan edi. Devorga urilgan pichoq, yonbosh aralash yigitning ko‘krak qafasiga sanchiladi. Bunday bo‘lishini kutmagan Shokir darhol ukasining yoniga borib, pichoqni ko‘krak qafasidan chiqaradi va qon oqayotgan joyga ustki kiyimini bosib turadi. Onasi bilan birga Dilshodga birinchi yordam ko‘rsatgan Shokir uni shifoxonaga olib boradi.

«Ilgari hecham janjallashishmagan»

Dilshodning shifoxonaga tushib qolgani, Shokirning tergovda ekani ma’lum bo‘lgach, «Aka qasddan ukasini pichoqlabdi», degan gaplar ko‘paydi. Hammadan ham onaga qiyin bo‘ldi: bir o‘g‘li jarohatlandi, yana birini sud qilishyapti. Hech kimning boshiga solmasin!

Onaizorning sudda guvohlik berishini tasavvur qilyapsizmi? Qanchalik qiyin bo‘lmasin, Gulnora Alimova bo‘lib o‘tgan voqealarni ro‘yi-rost so‘zlab berdi:

O‘sha kuni kechki ovqatga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. Daladan qaytgan Shokir ichkarida televizor ko‘rib o‘tirgan ukasining yoniga kelib, bosh kiyimidan mol hidi kelayotganini aytdi. So‘ng Dilshodga «Nega bosh kiyimimni molning arqoni saqlanadigan xaltaga solding?» dedi. Dilshod akasiga gap qaytarganda Shokirning jahli chiqdi va xontaxta ustida turgan nimanidir unga qarata otdi. O‘g‘illarim ilgari hecham janjallashishmagani uchun avvaliga hayron bo‘ldim. Dilshod «voy», deb biqinini ushlab, o‘tirib qolgach, qo‘limdagilarni tashlab yoniga chopdim. Shokir ukasini yaxshi ko‘radi, o‘sha kungi voqea tasodifan yuz berdi, ehtiyotsizlik qildi-da, bolam. Aslida o‘g‘limning ukasini pichoqlash niyati bo‘lmagan.

«Sud zalidan ozod etildi»

Sud, sudlanuvchi SH.Alimovning javobgarlik masalasini muhokama qilib, u tomonidan sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, aybiga iqror va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, yoshi, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarni yo‘q deb topdi. Shuningdek, jabrlanuvchi bilan aka-ukaligi, kollej o‘quvchisi ekanligini, sodir etilgan jinoyat uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kirishini, ayni dam taxsil olayotgan kollejida namunali xulqi, a’lo baholarga o‘qishi bilan boshqa o‘quvchilarga o‘rnak bo‘lishi bildirib berilgan ijobiy tavsifnoma, MFY raisining kafilligi va ota-onasining yengillik berilishini so‘rab bergan iltimosnomasini e’tiborga olib, sudlanuvchi ijtimoiy xavfliligini yo‘qotdi deb e’tirof etib, uni JKning 70-moddasiga asosan jazodan ozod qilishni lozim deb topdi. 

Shokir Alimov O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining
70-moddasiga asosan jazodan ozod qilindi.

Bolalarning bir-biri bilan o‘yinchoq talashib yoki oilada kim katta ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun o‘zaro janjallashishini biz, ota-onalar doim ham jiddiy qabul qilavermaymiz. Hatto bir-biriga o‘yinchoq otsa ham «Bola-da urishadi, yarashadi», deymiz. Aslida esa mana shunday munosabatimiz keyinchalik kattaroq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

 

Akmaljon Kenjabayev,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi sudyasi

 

 

           

Kiritildi: 16:11 23.10.2019. O'qildi: 2516 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!