Bugun 25 iyun, 2025 yil, chorshanba

КИР

Andijonda elektro-avtobus ishlab chiqariladi

A A A
Andijonda elektro-avtobus ishlab chiqariladi

Andijon shahridagi Yoshlar markazida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov rahbarligidagi viloyat delegasiyasining Xitoy davlatiga safari yakunlari, safar doirasida erishilgan kelishuvlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari vakillari, blogerlar hamda xitoylik bir guruh investorlar ishtirok etgan anjumanda viloyat delegasiyasining Xitoy safari, hamkorlik doirasida erishilgan shartnoma va kelishuvlar bo‘yicha keng ma’lumotlar berildi.

– Viloyat delegasiyasining 3-11 yanvar kunlaridagi Xitoy safari juda ham samarali o‘tdi, – deydi viloyat hokimining investisiyalar, innovasiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Hamrayev. – Delegasiyamiz kunchiqar mamlakatning Pekin, Tyanzin, Uxi, Guanjou, Anxoy, Guandon, Jilin singari sanoati o‘ta rivojlangan yirik shahar va provinsiyalarida bo‘lib, qator manfaatli shartnomalar imzoladi.

Safar davomida umumiy qiymati 20 million dollardan 100 million dollargacha bo‘lgan kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, xususan, Xitoy kompaniyalari tomonidan dunyoga mashhur brendlar asosidagi mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lum qilinishicha, safar davomida ta’lim, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmasevtika, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi kompaniyalar bilan umumiy qiymati 5,1 milliard dollarga teng 56 ta kelishuvga erishilgan.

Shundan 4,4 milliard dollar qiymatdagi 44 ta kelishuvda investisiya kiritish, 745 million dollarga teng 12 ta kelishuvda eksport mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Joriy yil davomida umumiy qiymati 2,9 milliard dollarga teng 52 ta kelishuv va shartnoma doirasidagi loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Hamkorlik kelishuvlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida viloyatda xitoylik tadbirkor va investorlar uchun umumiy maydoni 200 gektar bo‘lgan, barcha infratuzilmalarga ega sanoat zonasi barpo etiladi.

Erkin iqtisodiy zona maqomi beriladigan mazkur sanoat zonasidagi bino va inshootlar xitoylik investorlarga ijaraga beriladi. Hududda faoliyat olib boradigan tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Kelishuvlar doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan Andijonda elektro-avtobus, avtomobillar uchun og‘ir tirkamalar, plastmassa isitish batareyalari, yiliga 18 million kvadrat-metr keramogranit, 750 ming tonna ohak, 100 million dona polipropilen qop ishlab chiqarish, shuningdek, quyosh panelli elektr va gidro elektrstansiyalar qurish singari loyihalar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, hamkorlik kelishuvlari doirasida 300 ta yuk avtomashinasiga xizmat ko‘rsatuvchi logistika markazi, Xitoyning “Liaoning Normal University” universitetining Andijon filiali tashkil etiladi.

Anjumanda viloyat hokimining o‘rinbosari B. Hamrayev Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.

Kiritildi: 00:25 16.01.2024. O'qildi: 1078 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!