Bugun Andijon tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi xodimlari tomonidan katta yo‘l bo‘yida barg va chiqindilarni yoqib yuborayotgan fuqaro aniqlanib, unga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.
Aholi tomonidan barg, shox-shabba yoki boshqa chiqindilarni ochiq joyda yoqish nafaqat ekologiyaga, balki inson salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazishini alohida ta’kidlash lozim. Bunday holat havoning ifloslanishiga, zararli moddalar tarqalishiga, shuningdek, yong‘in xavfi ortishiga sabab bo‘ladi.
Tuman hokimligi barcha fuqarolarni mavjud qoidalarga qat’iy rioya etishga, chiqindilarni to‘g‘ri tartibda tashlashga va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradi. Qonunbuzarlik aniqlangan taqdirda esa jarima va boshqa choralarning qo‘llanishi muqarrarligi eslatib o‘tiladi.