Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Andijon voqealari qanday bo‘lgan? (video)

Andijon voqealari qanday bo‘lgan? (video)

Xabaringiz bor, joriy yilning, 18 mart kuni QALAMPIR.UZ tomonidan 1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan, ayni damdagi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovich Almatov bilan eksklyuziv intervyu taqdim etilgan edi.

Zokirjon Almatov mazkur intervyuda mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng qonli fojia bo‘lib qolgan Andijon voqealari haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Bilasizmi, men uchun haligacha eng og‘riqli savol ana shu Andijon voqeasi hisoblanadi. Mana Andijon voqealariga shuncha vaqt bo‘ldi. Bu voqealarning eng asosiy sababchisi, figuranti deb meni ko‘rsatishadi. Nima uchun? Nimaga deganda o‘sha paytda shtab vazifalarini Prezident topshirig‘i bilan men bajarganman. Shtab boshlig‘i hisoblanganman. O‘sha yerda shtab tomonidan ishni men tashkil qilganman. Asosiy qarorni men qabul qilganman. Shuning uchun ham Andijondagi qonli voqeaga sabab bo‘lgan shaxs deb hali ham gapirishadi , deydi Zokirjon Almatov.

Sobiq vazirning so‘zlariga ko‘ra, voqeani bir so‘z bilan tushuntirib berish qiyin va uning hayotidagi eng og‘ir nuqtalardan bittasi Andijon voqeasi.

Birinchidan, har doim meni qiynaydigan masala bor. Shu narsalarning oldini olsa bo‘lmasmidi? Shu darajada odamlar vaxshiylashib ketganmidi? Nima uchun ertaroq oldi olinmadi? Biz shu paytda qayerda edik? Andijonda 24 nafar Akromiylarning sudi bo‘layotganini biz yaxshi bilar edik. Lekin bu yana nima oqibatga olib keladi, ana shu narsa bizga noma’lum edi. Nima bizning zaif tomonimiz bormidi? Operativ ma’lumotga ega emasmidik, degan savollar meni hali ham qiynaydi , deydi Almatov.

Zokirjon Almatov o‘z so‘zida davom etarkan, Andijonda ba’zi xorijiy OAV aytganidek 500, 1000 ga yaqin odam halok bo‘ldi degan gaplar aslida noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.

Menga 12 maydan 13 mayga o‘tar kechasi Andijon viloyati IIB boshlig‘i tomonidan xabar berilgan. O‘sha zahoti men ishga kelganman. Zudlik bilan Andijon shahri o‘rab olindi. Mingdan ortiq terroristik shaxslarning Ichki ishlar idorasiga xujum qilishi, harbiy qismdan shunchadan ortiq qurollar olib chiqishi, Vazirlikka qarashli tergov hibsxonasidan 500 dan ortiq odamni chiqarib yuborish va o‘z safiga qo‘shishga harakat qilishi, Andijon-O‘sh chegarasida 30 dan ortiq chet el muxbirlarini yig‘ib, Andijonga kirishga harakat qilishi, butun dunyoga jar solishi nimadan darak beradi? Demak, bu puxta tayyorgarchilik ko‘rilgan ssenariy , deb xotirladi u.

Andijonda terroristik shaxslar viloyat teatriga, kinoteatriga, hokimiyatga o‘t qo‘yishgan. Hokimiyatni egallab olib, IIBga hujum qilishgan, o‘tgan-ketganni otib o‘ldirishgan.

Buni nima deb aytsak bo‘ladi? Davlat to‘ntarishidan darak beradimi? O‘zini muxolifatmiz, demokratmiz deb yurgan insonlar shu narsani ko‘ra-bila turib, nima uchun noto‘g‘ri baho berishdi? O‘zing o‘sha joyda, bizning o‘rnimizda bo‘lganingda nima qilar eding? Kechirasiz, biz qo‘limizdan kelgancha harakat qildik , deydi Zokirjon Almatov mudhish xotiralarini aytib berarkan.

Uning aytishicha, masalani tinch yo‘l bilan hal qilish uchun ularning oila a’zolari, 600 ga yaqin odamning Qirg‘izistonga chiqib ketishlariga ruxsat berilgan. Bir tasodif tufayli ular postda harbiy qismning boshlig‘ini otib o‘ldirishgan.

Ana shundan keyin o‘sha yerdagi askarlar bilan ular orasida otishma sodir bo‘lgan. Buning natijasida insonlar halok bo‘ldi, yaralandi. Mana, buning asosiy sababi nimada edi. O‘sha paytdagi davlat rahbari ham, biz ham muammoni tinchlik yo‘li bilan hal qilishga e’tibor qaratgandik. Vaholanki, Andijon viloyatida Davlat to‘ntarishi qilishga harakat bo‘ldi. Bu juda katta operasiya edi. Ular butun mamlakat oyoqqa turib ketadi, ayniqsa, vodiy bizni qo‘llab-quvvatlaydi deb o‘ylagandi , deydi Almatov.

Kiritildi: 17:02 24.03.2019. O'qildi: 8236 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!