Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2025 yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yilning birinchi choragida investisiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
Umuman, 2025 yilda 5 milliard 700 million dollarlik 166 ta investisiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikasiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi kutilmoqda.
Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.