Sirdaryo, Andijon va Samarqand viloyatlarida korrupsiya holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqida DXX Zamon.uz'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 7 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi bosh inspektori Sirdaryo tumanida faoliyat yurituvchi MCHJda o‘tkazilayotgan tekshiruv jarayonida soliqdan 400 mln so‘m miqdorida qarzdorlik borligini aniqlaydi.
Taqdim etilgan xujjatlar asosda, bunday holatlar uchun aslida qonunchilikda ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, o‘zining beminnat yordamini taklif etgan Soliq boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i, bosh inspektor bilan kelishgan holda ushbu qarzdorlikni 90 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qiladi.
U “xolis” xizmati evaziga 1 500 dollar miqdoridagi pulni olgan vaqtida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, soliq qarzdorligini aytilgan summaga kamaytirish bo‘yicha rasmiylashtirilgan tegishli dalolatnomani jamiyat raxbariga bergan vaqtida bosh inspektor ham prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Andijon viloyati Soliq boshqarmasining bo‘lim inspektori viloyatning Ulug‘nor tumanida quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi MCHJning yuridik manzilini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv olib boradi. Natijada, u MCHJ tegishli manzilda faoliyat yuritmayotgani, hisobotda ko‘rsatilgan qoldiqdagi tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha bir qator nomutanosibliklar borligini aniqlaydi. U holatga oid dalolatnoma rasmiylashtirib, jamiyatning bank hisob raqami orqali amalga oshiriladigan operasiyalarni to‘xtatib qo‘yadi.
Ammo, ushbu soliq inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirmaslik hamda bank hisob raqamiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashini aytib, MCHJ hisobchisidan 500 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Soliq qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq idorasi xodimi 6 mln so‘m ekvivalentidagi pul mablag‘ini o‘zining qarindoshlariga tegishli 2 ta bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi moddiy manfaatdorlik evaziga fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining javobgar shaxsga nisbatan bank tomonidan belgilangan 117 mln 804 ming so‘m qarzdorlikni bank foydasiga undirish haqidagi fuqarolik ishi bo‘yicha chiqarilgan ijro varaqani sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali bekor qilishni va’da qiladi.
Shuningdek, u sud ishni ko‘rib chiqqanligi uchun belgilangan davlat bojidan go‘yoki ozod qilish, javobgarning avtotransport vositasiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashini ham aytib, evaziga 500 AQSh dollari berishini so‘raydi. U talab qilgan pul mablag‘ini o‘zining tanishi orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Byuroning viloyat boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik sho‘’basi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda davlat ijrochisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.