Mutaxassislar fikriga ko‘ra, “Tropikamid”ni surunkali iste’mol qilish sanoqli haftalar ichida doriga qutulish qiyin bo‘lgan ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi. Xotira juda tez sustlashadi. Kayfiyat juda tushkun bo‘lib qoladi, bemorlar ilojsizlik hissidan aziyat cheka boshlaydi.
Ma’lumki, 27.09.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi ”818-son qarori bilan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati tasdiqlangan.
Ushbu ro‘yxatda "Tropikamid" nomli dori vositasi ham kiritilgan bo‘lib, chakana realizasiya (sotish) faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun lisenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Shunday bo‘lsa-da, ushbu dori vositasini hech qanday hujjatlarsiz qonunga zid ravishda chegara hududidan olib o‘tish holatlari kuzatilmoqda.
Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kirishiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda ayrim fuqarolar tomonidan qonunga zid ravishda "Tropikamid", "Pregabalin" va boshqa turdagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar olib o‘tilayotganda ushlangan va olib qo‘yilgan ashyoviy dalillar sudning 9 ta ijro hujjatiga asosan yo‘q qilinishi belgilangan.
Sud hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida Byuroning Andijon shahar bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan jami 379 dona "Tropikamid", 685 dona "Pregabalin" va boshqa turdagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tegishli tartibda yo‘q qilinib, insonlar salomatligiga ziyon yetkazishi oldi olindi.