To‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar Lomonovsov nomidagi Moskva Davlat universiteti ustidan sudga kollektiv ariza bermoqchi, deb xabar qilmoqda Kommersant nashri.
Xabarda aytilishicha, 20 nafardan ortiq talabalar MDU va Rossiya ta’lim vazirligi ustidan Moskva shahar sudiga murojaat qilishga tayyor. Ularning fikriga ko‘ra, masofaviy ta’lim joriy etilganidan so‘ng ta’lim sifati "bir necha barobar" tushib ketgan.
Xususan, talabalar OTMning onlayn tizimida tez-tez texnik nosozliklar yuz berayotganini, o‘qituvchilar jamoasining onlayn darslarga tayyor emasligi, talabalar kutubxonadan foydalanish imkoniga ega emasliklari va o‘qituvchilar bilan yuzma-yuz uchrashish imkoni yo‘qligi va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etish imkonidan mahrumligidan norozi bo‘lishgan. Ularning xulosasiga ko‘ra, ushbu kamchiliklar shartnomada ko‘rsatilgan kunduzgi ta’lim shakliga muvofiq emas.
Ushbu munosabat bilan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar oxirgi ikkita semestr uchun oliygohga to‘langan mablag‘larni qayta hisoblab chiqishni talab qilishmoqda. Ushbu mavzuda Shange.org portalida joylashtirilgan petisiyani 22 ming kishi imzolagan.
MDU rahbariyati bunga javoban, 2020 yilning mart oyidan boshlab, bir tomondan Rossiya hukumatining karantin bilan bog‘liq talablarini bajarish ikkinchi tomondan ta’lim tizimining uzluksizligini va belgilangan standartlarga mosligini saqlab qolishga qaratilgan barcha choralar ko‘rilganini xabar qilgan.
Universitetda, shuningdek, onlayn ta’lim kunduzgi ta’lim tizimining bir ko‘rinishi ekanini va MDUda pandemiyadan ancha oldin ishga tushirilgan "Chegarasiz universitet" onlayn-ta’lim tizimi asosida muvaffaqiyatli olib borilganini xabar qilishgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federasiyasi hududida murakkab epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi OTMlar 13 noyabrdan 6 fevralga qadar masofaviy ta’lim tizimiga o‘tgan edi.