Oksford universitetida o‘tkazilgan tadqiqotda koronavirusni aniqlashda ishlatiladigan PZR testi eski infeksiyalardan qolgan o‘lik virusni topib, yanglish ravishda musbat natija ko‘rsatishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Bi-bi-si xabarida aytilishicha, bu holat test natijasi musbat chiqqan kishida aniqlangan virus yuqumli bo‘lmasligi mumkinligini anglatadi.
Olimlar ushbu holat tashxislar noto‘g‘ri qo‘yilishi hamda pandemiyaning asliga zid ravishda xavfliroq ko‘rinishiga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
Testlar bilan bog‘liq tadqiqot o‘tkazgan professor Karl Henegan koronavirusni aniqlashda musbat/manfiy natija olish o‘rniga virusning miqdoriga qarab xulosa chiqarish kerak degan fikrda.
PZR – polimer zanjirli reaksiya usulini 1983 yilda amerikalik olim Keri Myullis o‘ylab topgan va buning uchun Nobel mukofotini olgan. Ayni paytda PZR testi yuqumli kasalliklarni aniqlashda keng qo‘llaniladi.