Tel-Avivning «Makkabi» futbol klubi va Gollandiyaning «Ayaks» klublari o‘rtasida 8 noyabrga o‘tar kechasi yakunlangan futbol uchrashuvidan so‘ng o‘nlab isroillik muxlislar hujumga uchradi. Kamida 10 nafar isroillik jarohat oldi, deya xabar bermoqda Ynet portali Isroil TIV ma’lumotlariga tayanib. Qayd etilishicha, niqob kiygan va Falastin bayroqlarini ko‘targan odamlar, jumladan, isroillik muxlislar yashaydigan mehmonxonalarga kirishga harakat qilgan.
Niderlandiya polisiyasi vakilining ANPga ma’lum qilishicha, 57 kishi hibsga olingan. Isroil tashqi ishlar vazirligining yangi rahbari Gideon Saar Gollandiya hukumatiga Isroil fuqarolarini mehmonxonalardan aeroportgacha xavfsiz yo‘nalish bilan ta’minlash iltimosi bilan murojaat qildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Gollandiyaga ikkita qutqaruv samolyotini jo‘natib, «bu dahshatli voqeani o‘ta jiddiylik bilan kuzatayotganini» qo‘shimcha qildi.
Niderlandiyadagi hukmron koalisiyaga kiruvchi eng yirik o‘ta o‘ng «Ozodlik» partiyasi rahbari Geert Vilders ommaviy mushtlashuv haqida keskin gapirdi. «Amsterdam ko‘chalarida yahudiylar uchun ov ketmoqda», — deb yozdi siyosatchi X ijtimoiy tarmog‘ida.