IRNA xabar berishicha, mulozimlar sodir etilgan jinoyatning turli jihatlarini muhokama qilgan.
Abdullohiyon suhbatdoshiga hujumdan keyin EIR diplomatiya vakolatxonasiga kelgani uchun minnatdorlik bildirarkan, “bunday jinoiy harakatga xalqaro hamjamiyat qattiq munosabat bildirishi zarur”ligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Miqdod ham hodisani keskin qoralab, bu harakat xalqaro huquq me’yorini, xususan 1961 yilgi Diplomatik munosabat to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini qo‘pol ravishda buzish, dedi.
SANA agentligi kecha Isroil havo kuchlari Suriya poytaxti Damashq shahri g‘arbidagi Eron elchixonasi va konsulligi joylashgan Mezze hududiga raketa hujumi uyushtirgani haqida xabar bergan edi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kamida 11 kishi halok bo‘lgani aytilayotgan mazkur hujum natijasida yetti nafar harbiy maslahatchi, jumladan generallar Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Hoji Rahimiy, shuningdek besh zobit shahid bo‘lganini bildirdi. Konsullik binosi butunlay vayron qilingan.
BMT Xavfsizlik Kengashi, Rossiya talabiga ko‘ra, ushbu voqea munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazadi. “Trend” yozishicha, bu haqda RFning BMTdagi doimiy vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ma’lum qilgan.
– Eronliklar BMT XKga mazkur amaliyotni qoralashni so‘rab, murojaat qildi, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Maktub davomi sifatida biz ayni mavzuda ochiq majlis o‘tkazishni talab qildik. Malta Prezidenti yig‘ilishni Nyu-York vaqti bilan 2 aprel soat 15:00 ga belgiladi.