Reuters/Ipsos so‘rovi natijalariga ko‘ra, AQSh fuqarolarining atigi 17 foizi prezident Donald Trampning Daniyaga qarashli orolga nisbatan da’volarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Hatto respublikachilar orasida ham Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchilar ulushi bor-yo‘g‘i 40 foizni tashkil etgan. Harbiy yo‘l bilan anneksiya qilish g‘oyasi esa yanada keskin rad etilmoqda: amerikaliklarning faqat 4 foizi bunday bosqinni ma’qullagan bo‘lar edi, Tramp partiyasi ichida esa bu ko‘rsatkich 8 foizga teng.
Orolni sotib olish ehtimoli haqida so‘z ketganda, so‘rov natijalari biroz yumshoqroq ko‘rinadi. Ammo bu holatda ham Tramp ko‘pchilik qo‘lloviga ega emas: 47 foiz qarshi, 35 foiz qaror qabul qilmagan, atigi 18 foiz esa qo‘shilish tarafdori. Bu, ehtimol, masalaning narxi bilan ham bog‘liq: NBC ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Daniyaga orol uchun 700 milliard dollargacha taklif qilishi mumkin.
Boshqa so‘rovlar ham shunga o‘xshash manzarani ko‘rsatmoqda. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklarning faqat 25 foizi Daniya hududini qo‘shib olishni qo‘llab-quvvatlaydi. Venesuela diktatori Nikolas Maduroni qo‘lga olish, Kuba, Kolumbiya va Meksikaga nisbatan tahdidlardan so‘ng AQShda harbiy tajovuzkorlikdan muayyan charchoq sezilmoqda: deyarli har oltinchi saylovchi Trampning tobora agressivlashib borayotgan tashqi siyosati sababli xavotir bildirayotganini aytib o‘tgan.