Bugun 2 iyul, 2024 yil, seshanba

КИР

Amerikalik ekspert Bahodir Jalolovning Olimpiadadagi imkoniyatlarini yuqori baholadi

Amerikalik ekspert Bahodir Jalolovning Olimpiadadagi imkoniyatlarini yuqori baholadi

Boks bo‘yicha ekspert Bahodir Jalolovning imkoniyatlarini yuqori baholab, uning Olimpiadada ehtimoliy raqibi Kunkabayevga hech qanday imkoniyat qoldirmasligini aytdi. Bu haqida Daryo Uz nashri yozmoqda.

Amerikalik jurnalist Jek Makkaferri “Vesti.kz” muxbiri bilan suhbatda o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolovning Parij—2024 Olimpiadasidagi imkoniyatlari haqida gapirdi. Mutaxassis suhbat davomida qozog‘istonlik Kamshibek Kunkabayev bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan jang haqida o‘z taxminlarini bildirdi.

Har ikki bokschi Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga lisenziya qo‘lga kiritgan.

Ekspertning fikricha, o‘zbekistonlik sportchi havaskor boksda eng xavfli sportchi hisoblanadi.

“Menimcha, Bahodir Jalolov boshqa saviyada. Uning professional ringda va havaskorlar musobaqalaridagi faoliyati fenomenal deyish mumkin. Jalolov — kuchli va katta bokschi. O‘z taktikasida u o‘zining kuchli tomonlarini muvaffaqiyatli ko‘rsata oladi. Albatta, Olimpiadada u g‘oliblik uchun asosiy nomzod bo‘ladi. Balki musobaqada yangi boks yulduzini ko‘rarmiz, ammo hozircha o‘zbek bokschisi havaskor boksdagi eng xavfli sportchi hisoblanadi”.

Bundan tashqari, Makkaferri qozoq—o‘zbek boks maktabi vakillari to‘qnashuvida Bahodir Jalolovning imkoniyatlarini yuqori baholadi.

“Kunkabayevning bir nechta janglarini ko‘rdim. Unga musobaqada qiyin bo‘ladi. Uning tana tuzilishida farq bor. Ularning jangida favorit— so‘zsiz, Bahodir Jalolov”, — dedi Makkaferri.

Ma’lumot uchun, ikki bokschi ham parallel ravishda professional faoliyatini davom ettirmoqda. Jalolov sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli 14 aprel kuni Toshkentdagi Humo Arena’da IBA Chempionlar boks oqshomi doirasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan xorvatiyalik Agron Smakichich (20-2, 18 KO) bilan jang o‘tkaza olmagan edi.

Kunkabayev 2022 yilning mart oyida o‘zbekistonlik Farrux Jo‘rayevni muddatidan oldin mag‘lub etganidan beri professional boksda jang qilmadi. Prinsipial raqiblar so‘nggi bor 2023 yilgi Osiyo chempionatida to‘qnash kelgan, unda o‘zbekistonlik bokschi hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongan edi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval o‘zbek boks afsonasi Ruslan Chagayev Bahodir Jalolovning Olimpiadadagi imkoniyati haqida gapirib, o‘z hamyurtini medallarga asosiy da’vogar ekanligini ta’kidlagan edi.

Kiritildi: 14:16 20.06.2024. O'qildi: 620 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!