Bugun 3 iyul, 2024 yil, chorshanba

КИР

Monopoliyaga asoslangan yana bir hujjat tayyorlanmoqda

Monopoliyaga asoslangan yana bir hujjat tayyorlanmoqda

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Sog‘liqni saqlash vazirligining “Yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatilishini tashkil etish to‘g‘risida”gi (ID-101017) buyrug‘i loyihasi qo‘yildi.

Jamiyatda qonun sifatida kuchga kiradigan mazkur buyruq loyihasida yana bir monopoliyaning muqarrar sharpasi sezilmoqda.

Buyruq boshidagi bandlar quyidagicha boshlanadi:

1. Yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning o‘zida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) ko‘rsatishdan, shuningdek yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyda, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat.

2. Birlamchi shoshilinch yordamni voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarligidan o‘tgan shaxslar tomonidan ko‘rsatiladi. Bunda birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun transport vositasining salonida turishi shart bo‘lgan zarur tibbiy ashyolardan foydalaniladi.

3. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslarga quyidagilar kiradi:

- ichki ishlar xodimlari;

- harbiy xizmatchilar;

- milliy gvardiya xodimlari;

- favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari;

- avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar.

Ushbu buyruqdan ko‘rinib turibdiki, mashina haydovchilari uchun yana bir qo‘shimcha majburiyat yuklanmoqda. Buyruqning 3-bandida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslar ro‘yxatiga kuchishlatar tizimlar kiritilib, oxiriga “avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar” so‘zi ham imi-jimida qo‘shib ketilgan.

Bu degani, mashina haydaydigan barcha O‘zbekiston fuqarosi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi shart degan ma’noni anglatadi. Ya’ni, buyruq kuchga kirsa, mashina haydovchilari haydovchilik guvohnomasi bilan birga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tganligini isbotlovchi maxsus sertifikat olib yurishga ham majbur bo‘lishadi.

Maxsus sertifikat esa shundayligicha haydovchining qo‘liga tutqazib qo‘yilmaydi. U ham falon million so‘mga bir yoki ikki haftaga o‘qitilib beriladi. Aslida bunda haqiqatdan o‘qigani ham muhim emas. O‘qisa-o‘qimasa ham “o‘qidi” degan bir parcha qog‘oz savdosi avj oladi. Yo‘llarda GAI xodimi talab qiladigan qonuniylashtirilgan noqonuniy bir parcha qog‘ozning narxi esa millionlarni tashkil etishi aniq.

Buyruqning keyingi bandlariga qaraladigan bo‘lsa, haydovchi bilishi shart bo‘lgan tibbiy yordamlar qatoriga Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘tiladigan darslarning barcha yo‘nalishlari kiritilgan. Qisqasi, Tibbiyot akademiyasida 6 yilda o‘tiladigan darslarning barchasini 6 kunda o‘zlashtirdi, degan sertifikat “savdosi”ga tayyor turishimiz lozim.

Jamoatchilik tasavvuri ham ushbu monopoliyaga hozirdan tayyorlab borilmoqda. Unda ijtimoiy tarmoqlarda yo‘llardagi o‘limlar soni baralla yangramoqda. Hattoki, senatorlar tomonidan yo‘llardagi bolalar o‘limi bo‘yicha aytilgan so‘zlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng miqyosda yoyinlandi.

Xullas, mashinalardan “soqqa” qiladigan monopolistimizning yana bir monopoliyasiga tayyor turishimiz lozim.

Qaytarib aytamiz, Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur buyrug‘i kuchga kirsa (kuchga kirishi aniq), mashina haydash uchun yana bir o‘lpon to‘lashga majbur bo‘lamiz.

Kiritildi: 09:35 01.07.2024. O'qildi: 1691 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!