AQSh armiyasi boshqa narsalar qatori Rossiya-Ukraina mojarosini kuzatish tajribasidan foydalangan holda Xitoy bilan ehtimoliy urushga tayyorlanmoqda, deb yozadi The New York Times (NYT).
Gazetaga intervyu bergan harbiy ekspertlar fikricha, Xitoy yaqin yillarda Tayvanga bostirib kirishga va uni bosib olishga urinishi mumkin, bu esa AQSh bilan qarama-qarshilikka olib keladi. Shu fonda AQSh harbiylari mintaqaga qo‘shinlarini olib o‘tmoqda va ittifoqchilar bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
NYT maqolasida aytilishicha, AQShning «katta va qo‘pol» armiyasi ehtimoliy urush fonida o‘zgarishga majbur. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda faqat kichik davlatlar bilan urush tajribasiga ega bo‘lgan Amerika armiyasi qurol-yarog‘ va sun’iy yo‘ldosh razvedkasi bo‘yicha XXRdan ustun emas.
Mutaxassislarning fikricha, mojaroga boshqa yirik davlatlar ham qo‘shilish ehtimoli bor, bu esa AQSh armiyasida katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Mumkin bo‘lgan harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun Qo‘shma Shtatlar ittifoqchi qo‘shinlari bilan birgalikda daralar, o‘rmonlar va nam hududlarda mashg‘ulotlar o‘tkazdi, deya xabar beradi manbalar gazetaga. Gavayi orollari yaqinidagi armiya kemalari ekipajlari ham harbiy texnika va harbiy xizmatchilarni tushirish usullarini mashq qildilar. AQSh armiyasi o‘z mashg‘ulotlarida Rossiya-Ukraina urushi tajribasidan, xususan, kichik sabotaj guruhlari va aloqa vositalaridan foydalanish tajribasidan faol foydalanmoqda.