Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyev shunday iltimos bilan murojaat qilsa, unga nisbatan amnistiya qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi.
"Xabar" agentligiga bergan intervyusida Japarov sud qarorini o‘zgartirib bo‘lmasligini, biroq u amnistiya qilish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi.
"Agar tegishli ariza tushsa, amnistiya qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishim mumkin”, dedi u.
3 iyun kuni Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Atambayevni sirtdan 11,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sobiq prezident 2019 yilning 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida yer maydonini noqonuniy egallab olish, Bishkek TESni modernizasiya qilishdagi korrupsiya va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda aybdor deb topildi.