Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Allohning suygan bandalaridan bo‘lish uchun U suygan narsalarni qilish kerak

Allohning suygan bandalaridan bo‘lish uchun U suygan narsalarni qilish kerak

«Xohlayman» deb aytadigan narsalarimizni aslida haqiqiy xohish-istak ila xohlamaymiz, holatimizga rozimiz. O‘zimizni eshitib ko‘rsak, xohish bor emish, himmat yo‘q emish. Xohish haqiqiy bo‘lsa, himmat bo‘ladi-da. Namoz o‘qishni xohlaymiz, boshlay olmaymiz. Aroq, sigaret, nos kabilar iste’molidan voz kechishni xohlaymiz, uddalay olmaymiz. Haromga nazar solishdan tiyilishni xohlaymiz, bu ham bo‘lmaydi va hokazo. Nimaga? Xohish yo‘q, xaqiqiy xohish yo‘q. Biz o‘zimiz «Xohlayman» deb aytadigandan boshqa xohish yo‘q. «Men falon ishni qilish yoki qilmaslik haqida o‘ylab ko‘rdim. Bu yaxshiga o‘xshayapti. Lekin buni qachon boshlash haqida o‘ylab ko‘rmadim. Xozircha buni boshlashga xohishim yo‘q», deb aytish o‘rniga «Xohlayapman, hech bo‘lmayapti», deb aytganimizdagi xohishdan o‘zga xohish yo‘q. Haqiqiy bo‘lganda ham birozdan keyin nafsimizning roziligi uchun u xohlayotgan narsaga almashtirib yuboradiganimizdan boshqa xohish yo‘q.

Haqiqiy va sobit, faqat va faqat Allohning roziligi uchun falon ishni qilish yoki qilmaslikni qasd qilishga olib boradigan xohish yo‘q. Nimaga yo‘q? Chunki biz o‘zimizga muhabbatlimiz. O‘zimizni yaxshi ko‘ramiz, nafsimizni mashaqqatga qo‘ygimiz kelmaydi. Aslida, bu muhabbat ham soxta. O‘zini haqiqiy yaxshi ko‘rgan kishi o‘ziga eng afzal narsani ravo ko‘rgan bo‘lardi. Eng afzali Allohning mahbub bandalaridan bo‘lish edi, biz buni tanlamadik. Allohning suygan bandalaridan bo‘lish uchun u suygan narsalarni qilishimiz kerak edi, buni qilmadik. Nafsimizga muhabbatimiz kuchlilik qildi, xohishlar u tomon ketdi, biz uni yashiramiz. Lekin haqiqiy va sobit bo‘lmagan xohishlar tilimizdan chiqaveradi, zohir qilamiz.

Allohning roziligini nafsimizning roziligidan ustun qila oladigan, bizni «Xohlayman, bo‘lmayapti»dan nariga o‘tkazadigan iymonga, zaif bo‘lgan iymonimizni quvvatlantirishga muhtojmiz. Iymonning quvvati bo‘lgan, amalga undaydigan, «Xohlayman» deb qila olmayotgan narsamizning ahamiyatini bildiradigan ilmga muhtojmiz. Amalga undaydigani va unda sobit qolishga yordam beradiganiga. Amalga undovchi vositalarning kattasi bo‘lmish o‘limni doimiy yod etish bilan quvvatlanganiga. Dinsiz ham tan olib «Ha, o‘lib ketaman, rohatlanib yashab qolay» deb uning sababidan nima qilib bo‘lsa ham ko‘proq lazzatlanib qolishga chog‘lanadigani bilan emas, u sodir bo‘lganda Allohga ro‘baro‘ bo‘linishi anglanib, ko‘proq xayrli amallarni qilib qolishga chorlaydigan o‘limning yodi bilan quvvatlanganiga. Ilmning shundayiga muhtojmiz. Shunday ilm bilan quvvatlangan iymonga muhtojmiz. Ana shu haqiqiy iymon va u bizni nafsimizning xohish-istaklaridan qaytarib, Alloh xohlagan narsaga taslim bo‘lishimizga, Robbimiz buyurgan amallarni haqiqiy xohish ila xohlab, amal qilishga o‘tishimizga yordam beradi.

Ha, iymonga ham quvvat kerak, iymonning quvvati bo‘lgan ilmga ham quvvat kerak. Ilmning quvvati amal bilan. O‘limning doimiy yodi esa amal uchun himmatni jalb qiluvchi, foniy dunyoga aldanib qolishdan qaytarib, abadiy saodatga eltuvchi Boqiy Zotning roziligi uchun nafsning o‘tkinchi rohatini o‘ylashdan tiyib qo‘yuvchi vositadir.

Har lahzasi o‘lim uchun tayyorgarlik bo‘lgan, vaqti kelib u ham tobutda yotishi, qabrga kirishi, ustiga tuproq tortilishini, so‘ngra qorong‘u yer ostida yolg‘iz qoldirib tashlab ketilishini, hayotligida qilib o‘tgan amallarigina unga hamroh bo‘lishi va ulardan xayrlilari qabrini yoritishini, aksincha bo‘lganlari esa uni yanada zulmatlarda qoldirishi mumkinligini doimiy his qilib, ushbularni mudom ko‘z oldida tutib, shunga ko‘ra yashagan, oxirat hisob-kitobidan oldin o‘zini doimo tergab turuvchi bo‘lganlarimizgina haqiqiy baxt sohiblarimiz. Ha, har tong o‘z nafsi bilan kunini xayrli amallar ila bezashga, yaxshilikka yurib, yomonlikdan qaytishga, Allohga toatda bo‘lib, Unga itoatsizlikdan chetda bo‘lishga kelishib olib, bunda Robbidan yordam so‘ragan holida kunini boshlaydigan va kechga borib bunga qay darajada amal qilganining hisobini qiladiganlarimiz oxirat saodatiga yetishamiz. O‘limni mudom yodida tutuvchi, undan keyingi hisobni undan oldin qiluvchi bo‘lganlarimiz yutamiz, inshaAlloh.

O‘lim barcha odam tan oladigan eng katta haqiqatdir. Naqadar katta va oddiy haqiqat. Uni unutish va unga tayyorgarlik ko‘rishdan mahrum bo‘lish, uning haqiqatini anglamaslik katta xato bo‘lgan oddiy haqiqat. U shunday haqiqatki, ko‘z o‘ngimizda doimiy sodir bo‘laverganidan hech ajablanmaydigan oddiy bir holga aylanib qolgan. Aslida u musofirlikdan muqimlikka, foniylikdan boqiylikka, imtihondan natijaga o‘tish edi. Musofirlikda namozni safar ozuqasi qilib olsak, xayr ila muqimlikka o‘tamiz. Foniy dunyoda xamr ichmasak, boqiy dunyoda yaxshi narsalarni ichamiz. Haromga duch kelmaslik harakatini qilsak, unga ro‘baro‘ kelganda bir kun Allohga ro‘baro‘ kelishimizni o‘ylab undan qochsak, imtihonni yaxshi natijaga topshirgan bo‘lamiz va hokazo.

Oxunjon Oxunov

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:16 12.09.2019. O'qildi: 3584 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!