Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayol biror mayyit uchun uch kundan ortiq aza tutishi halol emas

Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayol biror mayyit uchun uch kundan ortiq aza tutishi halol emas

Ummu Habiba onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan 65ta hadis rivoyat qilganlar. Ba’zi ulamolarning ta’kidlashlaricha, u kishi bu borada Oisha onamiz va Ummu Salama onamizdan keyingi o‘rinda turadilar.

Ummu Habiba onamiz ilmli, balog‘at va fasohatlari yuqori darajada bo‘lgan zotlardan edilar.

U kishi ko‘p nafl namoz o‘qir va nafl ro‘za tutar edilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnati mutohharalariga amal qilishda ham hammaga o‘rnak edilar.

Humayd ibn Nofe’ roziyallohu anhu rivoyat qilinadi:

«Menga Zaynab binti Abu Salama ushbu hadisning xabarini berdi. U aytdi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Ummu Habibaning oldilariga kirdim. O‘sha payt uning otasi Abu Sufyon vafot etgan kunlar edi. U sariq rangli bir aralash yoki boshqa xushbo‘y narsa keltirishlarini so‘radi. Undan bir qizchaga surtib ko‘rdi-da, keyin o‘zining ikki yuziga surtib turib:

«Allohga qasamki, hozir xushbo‘y narsa surtadigan holim yo‘q, ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbardan turib:

«Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayol biror mayyit uchun uch kundan ortiq aza tutishi halol emas. Faqat eriga to‘rt oy-u o‘n kun tutadi» deganlarini eshitgan edim», dedi».

Ummu Habiba onamiz hazrati Usmon roziyallohu anhuni fitnachilardan himoya qilishga uringan kishilardan edilar.

«Mo‘minlarning onasi Ummu Habiba binti Abu Sufyon bir meshchada suv olib keldilar. Ular u kishining xachirlarining yuziga urdilar. U kishi:

«Bu odamning huzurida Bani Umayyaning vasiyat qilgan narsalari bor. Tul va yetimlarning mollari halok bo‘lmasligi uchun so‘rab olmoqchiman», dedilar.

«Yolg‘onchisan!» deyishdi ular.

Keyin ular u kishining xachirlarining arqonini qilich bilan kesib yuborishdi. Xachir hurkib ketdi. Mo‘minlarning onasi yiqilib tushay dedilar. Odamlar u kishini uylariga olib borishdi».

Shunday, fitnaga mubtalo bo‘lganlarda hech qanday odamgarchilik qolmaydi. Ularning barcha nobakorliklarini bir tomonga qo‘yib, Ummu Habiba onamizga nisbatan qilgan odobsizliklarini olsak ham har qancha qoralash uchun yetib, ortadi.

Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Oisha onamiz roziyallohu anhodan quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Ummu Habiba onamiz roziyallohu anho o‘limlari oldidan meni chaqirdi va:

«Oramizda kundoshlar orasida o‘tadigan narsalar bo‘lib o‘tgan. O‘sha narsalardan gunohlarimiz bo‘lsa, Alloh seni ham, meni ham mag‘firat qilsin», dedi.

«Alloh seni ularning hammasidan mag‘firat qilsin, O‘zi kechirsin. Men haqqimni halol qildim», dedim.

«Sen meni masrur qilding, Alloh seni masrur qilsin», dedi u. So‘ngra Ummu Salamaga ham odam yuborib, xuddi o‘sha narsalarni unga ham aytdi».

Ummu Habiba onamiz roziyallohu anho vafot etganlarida hijriy qirq to‘rtinchi sana edi.

Alloh taolo Ummu Habiba onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!

Manba: islom. uz

Kiritildi: 06:00 25.01.2020. O'qildi: 3455 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!