Bugun 8 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

«Alloh yo‘lida», deb tilanchilik qilayotganlarga qanday munosabatda bo‘lish kerak?

A A A
«Alloh yo‘lida», deb tilanchilik qilayotganlarga qanday munosabatda bo‘lish kerak?

Men bir kitobda shunday ma’nodagi hadisni o‘qib qoldim:

Kimki Alloh nomi bilan so‘ralganda bermasa, rahmatdan yiroqdir, kimki Alloh nomi bilan so‘rasa, rahmatdan yiroqdir .

Ko‘chada tilanchilikni kasb qilib olgan aksar kishilar: Alloh yo‘lida , deb so‘raydilar. Hadisni o‘qiganimdan beri, Allohga shukrki, kim shunday deb so‘rasa, biror narsa berishga harakat qilaman. Shu hadisning asli mazmuni qanday va unga qanday amal qilish lozim?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym

Siz yozgan iboralar noto‘g‘ri. Unda o‘zaro zid ma’nolar aks etgan.

To‘g‘ri, dinimizda soilni jerkimaslikka, uni imkon qadar quruq qaytarmaslikka buyurilgan. Ammo, soil ham soillik qilishga haqli bo‘lishi lozim.

Musulmon kishiga tilanchilik qilish mumkin emas. Faqatgina nogiron yoki bir kunlik ortiqcha taomi yo‘q yoxud katta qarzga botgan kishigina birovlardan narsa so‘rab o‘z ehtiyojini qondirishi mumkin. Boy, soppa-sog‘ kishilarga, shuningdek, boylik orttirish maqsadida birovlardan narsa tilanish joiz emas. Agar ana shunday kishilar tilanchilik qilayotgan bo‘lsa, ularga bu ishni tashlashni, uning o‘rniga halol mehnat qilishni tavsiya etish lozim.

Rivoyatlarda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ansorlardan birlari soillik qilib keldi. Uning to‘rt muchchasi sog‘ edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga uyidagi bor narsasini sotib, puliga arqon va bolta sotib olib, ular yordamida o‘tin terib kelib sotishga buyurdilar. Haligi odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga amal qilib, hech qancha vaqt o‘tmay tirikchiligi yaxshilanganini aytib, u zot sollallohu alayhi vasallamga minnatdorchilik bildirib ketdi.

Sadaqa va xayru ehsonlarga kimlar haqli ekanini yaxshi bilishimiz uchun Baqara surasidagi quyidagi oyati karimalarni o‘rganib chiqsak, maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak:

(Sadaqa va xayru ehsonlar) Allohning yo‘lida tutilgan, (tirikchilik uchun) er yuzida kezishga qodir bo‘lmagan, iffatlari tufayli bilmagan kishi ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir. Ularni siymolaridan taniysan, odamlardan xiralik qilib so‘ramaslar. Nima yaxshilik nafaqa qilsangiz, bas, Alloh albatta uni bilguvchidir (273-oyat).

Bu oyati karima zikr qilgan toifadagi odamlar o‘zlarini Alloh yo‘lida jihod qilishga bag‘ishlagan kishilardir. Ular nafslarini jihod uchun tutganlar, shu sababdan kasb qilishga ham imkonlari yo‘q. Ayni chog‘da, iffatlari, uyatlari kuchli bo‘lganidan o‘zlarining hojatmand ekanliklarini yashirib yuradilar. Asl holni bilmagan odam ularni sirtlaridan ko‘rib, boy deb o‘ylaydi.

(Sadaqa va xayru ehsonlar) Allohning yo‘lida tutilgan, (tirikchilik uchun) er yuzida kezishga qodir bo‘lmagan, iffatlari tufayli bilmagan kishi ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir .

Nafaqani xuddi ana o‘shalarga qilish kerak. Ular o‘zlari asl hollarini berkitsalar, odamlardan xiralik bilan tilanmasalar, qanday qilib topamiz ularni?

Ularni siymolaridan taniysan .

Farosati bor, mulohazali kishilar mazkur faqirlarni, agarchi ular hojatmandliklarini bildirmasdan, kishilar ko‘ziga boy bo‘lib ko‘rinib yursalar ham, tanib, haqiqatni bilib oladilar. O‘zlarini iffatli tutganliklarining o‘zi nafaqani ularga maxfiy qilishga undaydi. Nafaqa beraman deb, bunday kishilarning his-tuyg‘ularini oyoqosti qilmaslik kerak. Nafaqa Alloh uchun qilinayotgan bo‘lsa, maxfiy tarzda qilingani ma’qul.

Nima yaxshilik nafaqa qilsangiz, bas, Alloh albatta uni bilguvchidir .

Savobini ham O‘zi bilib beraveradi. Shuning uchun, hammaga ko‘rsatib, guvohlarni ko‘paytirib sadaqa qilishga hojat yo‘q. Siz ixlos bilan, Alloh taoloning yuzini ko‘zlab sadaqa qilavering, u yog‘ini Alloh taoloning O‘zi biladi.

Islom tuzumi, avvalo, ishga qodir har bir insonning osonlik bilan halol rizq topishini ta’minlaydi. Lekin inson hayoti doimo birdek kechavermaydi, turli favqulodda holatlar, kutilmagan hodisalar oqibatida ba’zi kishilar noqulay iqtisodiy holatga tushib qoladilar. Bunday holatlar sadaqa, xayr-ehson yo‘li bilan muolaja qilinadi. O‘ta boy kishilardan ma’lum miqdordagi molu mulk zakot sifatida farz hukmi ila olinib, haqdorlarga tarqatiladi.

Shuningdek, hamma qodir bo‘lgan kishilarni ixtiyoriy sadaqa qilishga targ‘ib qilinadi.

Shu bilan birga, muhtojlarni ham odob doirasidan chiqmaslik, yuqoridagi oyatda aytilganidek, xiralik bilan odamlardan tilanchilik qilmasdan, iffatli, qanoatli bo‘lishga chaqiriladi.

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Bir ikki xurmo yoki bir-ikki luqmani olib qaytadigan miskin emas, iffatli bo‘lib turgan miskindir, xohlasangiz, Odamlardan xiralik bilan so‘ramaydilar , oyatini o‘qing , dedilar.

Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiyimiz alayhissolatu vassalom:

Kim o‘zida yetarli narsa bo‘laturib odamlardan tilansa, qiyomat kuni tilanchiligi yuzida tirnalish bo‘lib keladi , dedilar. Odamlar:

YO, Allohning Rasuli, yetarli narsa qancha? dedilar. U zoti bobarakot:

Ellik dirham , dedilar.

Shundan kelib chiqib, yetarli narsasi bor odamga tilanchilik qilish harom, degan hukm chiqarilgan. Vallohu a’lam.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 10:23 06.04.2019. O'qildi: 5827 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!