Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Alloh bilan muomalani yo‘lga qo‘yuvchi ilm

Alloh bilan muomalani yo‘lga qo‘yuvchi ilm

Ilmlarning eng zaruriysi bandaning Robbi bilan muomalasini yo‘lga qo‘yuvchi ilmdir. Mazkur muomala uchga taqsimlanadi:

1. E’tiqod;

2. Amal;

3. Tark qilish.

Yosh bola balog‘atga yetganida uning zimmasiga farz bo‘ladigan birinchi narsa shahodat kalimalarini o‘rganib, ma’nolarini tushunishdir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ta’lim ko‘rmagan arablardan tasdiqni eshitish bilan kifoyalanganlar. Ulardan dalil talab qilmaganlar.

Yuqoridagi hukm ma’lum bir vaqtning farzi bo‘ladi. Keyin nazar solish va dalilni o‘rganish farz bo‘ladi.

E’tiqodga oid boshqa narsalarni o‘rganish ham vaziyatga qarab farz bo‘lib boraveradi. Misol uchun, shahodat kalimalari ma’nosi haqida shak paydo bo‘lsa, bandaga o‘sha shakni ketkazadigan ilmni o‘rganish farz bo‘ladi. Qayta tirilish, jannat, do‘zax kabi aqiyda masalalarini o‘rganish vojib bo‘ladi.

Shuningdek, ma’lum bir amalni bajarish vaqti kelganda unga oid hukmlarni o‘rganish farz bo‘ladi. Namoz o‘qish yoshiga yetgan kishi uchun tahorat va namozga oid hukmlarni o‘rganish, Ramazonga sog‘-salomat yetib kelgan balog‘at yoshidagi kishi uchun ro‘za ibodatiga oid shar’iy hukmlarni o‘rganish farz bo‘ladi.

Nisobga yetgan va shu moliga bir yil to‘lgan kishiga zakotning hukmlarini o‘rganish farz bo‘ladi. Haj vaqti kelganda, uni ado etishga sharoiti bo‘lgan musulmonga hajning hukmlarini o‘rganishi farz bo‘ladi.

Tark qilinishi lozim bo‘lgan narsalar holatga qarab o‘zgarib turadi. Misol uchun, ko‘zi ojiz kishi uchun nazar solish harom bo‘lgan narsalarni o‘rganish farz bo‘lmaydi. Shuningdek, soqov kishi uchun gapirish harom bo‘lgan kalomni o‘rganish farz bo‘lmaydi.

Xamr ichish va ipak kiyish tarqalgan diyorda yashaydigan banda uchun mazkur narsalarning haromligini o‘rganish farz bo‘ladi.

Ba’zi ilmlarni o‘rganish muboh sanaladi. Ma’noli she’r va xabarlarning tarixini o‘rganish shu jumladandir.

Ba’zi ilmlar mazammat qilinadi. Misol uchun, sehr va tilsim ilmini o‘rganish.

Shar’iy ilmlarning barchasi maqtalgandir. Ular usul – asl shar’iy ilmlar, furu’ – shoxobcha shar’iy ilmlar, muqaddima ilmlar va to‘ldiruvchi ilmlarga taqsimlanadi.

1. Asl shar’iy ilmlar Qur’oni Karim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, ummatning ijmo’si va sahobalarning asarlaridan iboratdir.

2. Shoxobcha shar’iy ilmlar mazkur asl ilmlardan fahmlangan va ulardan aql orqali tushunib olingan ilmlardir. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, faqihlarning qiyos va boshqa qoidalarni ishga solib chiqargan hukmlariga oid ilm.

3. Muqaddima ilmlar Qur’oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bilishga xizmat qiladigan nahv va lug‘at ilmlariga o‘xshash ilmlardir.

4. To‘ldiruvchi ilmlarga qiroatlar ilmi, tajvid ilmi, hadis rivoyatchilarining ismlari, odilligi va tarjimai hollariga oid ilm va boshqalar kiradi.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:20 10.10.2019. O'qildi: 2074 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!