Mualliflik va turdosh huquqlarning buzilish holatlari internet tarmog‘ida audiovizual asarlar va fonogrammalarni sotish, teleko‘rsatuvlarni tarqatish kabi xizmat turlari bilan shug‘ullanadigan MCHJ lar faoliyatida ham ko‘p uchraydi.
🔍Xususan, Intelllektual mulk agentligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan Allmovies.uz veb saytini o‘rganishi davomida 17 ta audiovizual asarlardan qonunga xilof ravishda foydalanilayotganlik holati aniqlandi. Ushbu sayt teleseriallar va teleko‘rsatuvlardan muallif va huquq egalarining ruxsatisiz moddiy manfaat ko‘rgan holda sotish faoliyati bilan shug‘ullangan.
📘Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 62-moddasiga ko‘ra huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.
❗️Agentlik tomonidan yuqoridagi holatlarni hisobga olgan holda huquqbuzarlikka chek qo‘yish va uni oldini olish maqsadida tegishli MCHJ ma’muriyatiga taqdimnoma kiritildi va shunday qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ogohlantirish berildi.
👉Natijada mualliflarning roziligisiz joylashtirilgan audiovizual asarlar Allmovies.uz veb-sayti kontentidan olib tashlandi. Shundan so‘ng jamiyat Agentlikka keyingi faoliyatida Intellektual mulk huquqlariga qat’iy rioya etilishini ma’lum qildi. Tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolandi.