Saodat Narziyevaning Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi pul mablag‘lari va shaxsiy hisobraqamlari haqida tarqalgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda tadbirkor Alisher Usmonovning matbuot xizmati xabar berdi. Bu haqda kun.uz yozmoqda.
“Ba’zi mas’uliyatsiz ommaviy axborot vositalari OCCRP ma’lumotlariga tayanib, taniqli tadbirkor, moliyachi va mesenat Alisher Usmonovning singlisi Saodat Burhonovna Narziyevaning shaxsiy hisobraqamlariga qo‘yilgani aytilayotgan katta pul mablag‘lari haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Saodat Narziyevaning mablag‘lari va shaxsiy hisobraqamlariga oid bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Bu mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va Alisher Usmonovning obro‘siga putur yetkazish maqsadida tarqatilmoqda. Ma’lumotni tarqatganlar “qovurilgan faktlar”ga havola qilib, jurnalist etikasi me’yorlarini e’tiborsiz qoldirgan. Ushbu yolg‘on ma’lumotlarning e’lon qilinishi Alisher Usmonovning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazadi”, deyiladi axborotda.
Alisher Usmonovning matbuot xizmati tuhmat ma’lumotni tarqatganlarni javobgarlikka tortish, jabrlanganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha qonuniy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.