«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Jinoyat kodeksida ayollar uchun mavjud yengillashtiruvchi moddalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, bunday «insoniylik» jinoyatlarning yanada ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Alisher Qodirov Toshkentda ro‘y bergan dahshatli voqeadan so‘ng ayollar uchun belgilangan yengil jazo choralarini tanqid qildi. Uning fikricha, ikki yoshli bolaning o‘limi uchun atigi olti yil qamoq jazosi juda yumshoq. Qodirov Jinoyat kodeksida ayollar uchun mavjud yengillashtiruvchi moddalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, bunday «insoniylik» jinoyatlarning ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Voqea 2025 yil 11 iyul kuni Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida yuz bergan. Sud bu shov-shuvli ish bo‘yicha hukm chiqardi. Tergovga ko‘ra, bog‘cha tarbiyachisi va metodisti bolani muntazam ravishda kaltaklagan: yuziga urgan, tepgan, karavot va polga otgan.
So‘nggi marotaba qattiq kaltaklangach, bola hushini yo‘qotgan va ikki kundan keyin kasalxonada vafot etgan.
Qodirov: «Bu — jinoyatga undovchi insoniylik emasmi?»
Uning aytishicha, bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan tarbiyachiga atigi 6 yil qamoq jazosi tayinlangani adolatsizlikdir. Qodirov Jinoyat kodeksining 50-moddasini misol keltirib, ayol jinoyatchilar uchun jazo avtomatik tarzda yengillashtirilishini tanqid qildi.
«Har qanday ayol, jinoyat og‘irmi-engilmi — hattoki odam o‘ldirgan bo‘lsa ham — to‘liq jazoning uchdan ikki qismini oladi. Bu, aslida, jinoyatga undovchi «insoniylik» emasmi?» — deydi Qodirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya bu moddani soha mutaxassislari bilan muhokama qilib, uni o‘zgartirish bo‘yicha rasmiy taklif kiritmoqchi.
Shuningdek, Qodirov ta’lim tizimida ham muhim o‘zgarishlar kerakligini ta’kidladi. U quyidagi takliflarni ilgari surdi:
Bloger Davletov.uz o‘zining X dagi sahifasida Qodirovning so‘zlaridan farqli o‘laroq, yillar ksimida ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilik borgan sari kamayib borayotgani to‘g‘risidagi statistikani taqdim etdi. Unga ko‘ra, ayollar jinoyati uchun mavjud yengillashtiruvchi moddalarga qaramay, O‘zbekistonda jami jinoyatlarning o‘ndan biridan sal ko‘prog‘i ayollar tomonidan sodir etiladi va bu yillar davomida kamayib bormoqda. Og‘ir jinoyatlar, ya’ni odam o‘ldirgan va unga urinish (suiqasd) sodir etgan ayollar soni ham yildan-yilga pasayi bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2012 yilda 83 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 31 tagacha pasaygan.
Avvalroq tadbirkor Murod Nazarov «Toshkent shahrida daraxtlarni kesishga cheklov bekor qilinishi kerak»ligi haqida fikriga keng jamoatchilik qarshilik bildirdi. Buning fonida Alisher Qodirov «Daraxt kesilmasin, degani mutlaqo kesilmasin emas, zarur bo‘lsa kesilishi mumkin, degani bo‘lishi kerak», mazmunidagi fikrini ommaga e’lon qildi.
Deputatning fikricha, jamiyatda daraxt kesishdan qo‘rquv kuchayib bormoqda. Aslida keraksiz daraxtni kesishning yomon joyi yo‘q.
«Daraxt kesilmasin, degani mutlaqo kesilmasin emas, zarur bo‘lsa kesilishi mumkin, degani bo‘lishi kerak. Albatta, daraxt kerak, havo yetmayapti, lekin unutmaylik, daraxtni inson asraymiz, insonni daraxt uchun emas. Bu ketishda kelajak avlod dinini unutib, daraxtga etiqod qilishni boshlab yubormasa…
Daraxtni himoyasiga birlashgandek suv, yer, energoresurslar, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi», — deb fikr bildirgan u Telegram kanalida.
Shuningdek, Qodirov ishlab chiqarilganiga 25-30 yildan oshgan mashinalarni iste’moldan chiqarishga chaqirdi.
Deputat, shuningdek, magistral yo‘llarning aholi yashash punktidan tashqari qismlarida tezlikni 130 km/h gacha oshirishga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqishni ham ilgari surdi. Qodirovga ko‘ra, «ichki ishlar tizimida vazirlikdagi mansabdorning jiyani yoki hamqishloqlari emas, ishini yaxshi biladigan qorako‘zlar» ishlashi kerak.