Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Aktrisa Gavhar Sharipovaning qotiliga sud hukmi o‘qildi

Aktrisa Gavhar Sharipovaning qotiliga sud hukmi o‘qildi

Aktrisa Gavhar Sharipovaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi. Fuqaroga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati  xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 18 noyabrga o‘tar kechasi soat 02:20 larda 29 yoshli F.SH. «Isuzu» avtomashinasida Samarqand—G‘uzor yo‘nalishidagi A-378 yo‘lning Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Yarg‘unchi mahallasi hududidan o‘tgan 140-kilometriga kelgan vaqtida yo‘lovchi sifatida ketayotgan Sharipova Gavhar Hasanovnaga tegajoqlik qila boshlagan. Gavhar Sharipova avtomashina eshigini ochib tushib qolmoqchi bo‘lganligini ko‘ra turib, F.SH. tezlikni pasaytirmasdan, harakatlanishda davom etgan. Oqibatda Gavhar Sharipova transport vositasidan tushib ketib, turli darajada tan jarohatlari olgani sabab hodisa joyida halok bo‘lgan.

Ushbu holatga Qashqadaryo viloyat YHXB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirib, aktrisaga yuk mashinasi haydovchisi shilqimlik qilgani, shundan so‘ng u yurib ketayotgan avtoulovdan o‘zini tashlab vafot etganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro F.SH.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilning 12 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi binosida ochiq sud majlisi o‘tkazilib, F.SH. ustidan sud hukmi o‘qilgan. Sud haydovchi F.SH.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topgan. Shuningdek, sudlanuvchiga Jinoyat Kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 8-qismi va 61-moddalari (Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari)ga asosan avvalgi hukmi yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddati qo‘shilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yil 6 oyga hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Asosiy jazo muddati 2019 yil 19 noyabrdan boshlab hisoblanishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Gavhar Sharipova 1980 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent davlat san’at instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ning drama-teatr va kino aktyorligi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Gavhar Sharipova «Aldangan ayol», «Alpomish», «Sarvinoz» kabi o‘nlab o‘zbek film va seriallarida turli rollarni ijro etgan.

Kiritildi: 07:25 21.11.2020. O'qildi: 9495 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!