Kecha Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi ma’lumotiga asoslanib.
Sessiyaning Oliy darajadagi segmentida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston vakili mamlakatimizda qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlarini ta’minlash sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida to‘xtaldi. O‘tgan yil aprelida umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitusiyasida Yangi O‘zbekistonning tub mohiyatini tavsiflovchi "beshta ustun" belgilandi. Bu o‘rinda davlatimizning qat’iy va sobit taraqqiyot yo‘li va kelajagini o‘zida aks ettirgan "suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat" maqomi haqida so‘z bormoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizdagi inson huquqlariga oid qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarga to‘liq mos keladi. Konstitusiyada o‘lim jazosini qo‘llash rasman taqiqlangan.
E’tiborlisi, Konstitusiyamizda birinchi marta inson huquqlari bo‘yicha ham xalqaro, ham milliy organlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. "Miranda qoidalari" va "Xabeas korpus" kabi xalqaro miqyosda tan olingan yuridik institutlar konstitusiyaviy mustahkamlandi. Shuningdek, bepul yuridik yordam ko‘rsatishni nazarda tutadigan "Pro bono" instituti ham konstitusiyaviy maqomga ega bo‘ldi.
Yangi Konstitusiyada birinchi marta fuqarolarning konstitusiyaviy shikoyatlari instituti mustahkamlandi. O‘zbekiston o‘zining xalqaro majburiyatlarini faol bajarib, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, sud-huquq bazasini isloh qilmoqda. Sud-huquq tizimini rivojlantirishning qisqa muddatli strategiyasi va Harakatlar rejasi tasdiqlandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida salmoqli natijalarga erishildi. Mamlakatimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizga ko‘ra, endilikda nafaqat bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash kafolatlandi, balki bunday huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi. Mamlakatimizda ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning izchil tarafdoridir. Binobarin, yurtimizda barcha normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender muammosi, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kompleks ekspertizadan o‘tkazish qat’iy yo‘lga qo‘yilgan.
Shu ma’noda, 2023 yilda qabul qilingan "O‘zbekiston-2030" strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mos keladi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda bu borada bir qator muhim marralarga erishdik.
Birinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha kengash va BMT shartnoma organlarining tavsiyalariga muvofiq, Bolalar ombudsmani lavozimi ta’sis etildi. Parlamentimizda ayni paytda "Bolalar ombudsmani to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish jarayoni bormoqda.
Ikkinchidan, Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha huquqiy va ma’muriy choralar ko‘rildi. BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga tegishli fuqarolik jamiyati institutlarining keng ishtirokida tayyorlangan dastlabki hisobotimizni taqdim etdik.
Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida milliy parlament 2030 yilgacha bo‘lgan davrda gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqladi. BMT Xavfsizlik Kengashining "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" rezolyusiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston qiynoq qo‘llanilishini ochiqdan-ochiq qoralaydi. Prezident qiynoqlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, shuningdek, qiynoq qo‘llaganlik uchun javobgarlik muqarrarligini muntazam ta’kidlab keladi. Qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlari Konstitusiya va qonunlarimiz darajasida taqiqlangan. Fuqarolik kodeksiga qiynoqlar qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi, bu esa qiynoqlar qurbonlariga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Beshinchidan, BMT shartnoma organlari tavsiyalariga muvofiq, "Ombudsman plyus" modeli asosida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy profilaktika mexanizmi yaratildi. Shuningdek, Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakilga jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini nazorat qilish vakolatlari berildi.
Oltinchidan, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha milliy ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar ta’limi tizimi va oliy o‘quv yurtlarida "Inson huquqlari", "Ayollar huquqlari", "Bolalar huquqlari" bo‘yicha treninglar va maxsus kurslar joriy etilmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari ochilmoqda. Inson huquqlari sohasida ta’lim olish uchun elektron platforma ishga tushirildi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish organlari va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqlarga qarshi kurash bo‘yicha doimiy o‘quv kurslari mavjud.
Ettinchidan, inson huquqlari bo‘yicha biznes sektori bilan hamkorlik qilish ham muhim, deb hisoblaymiz. Xususan, tadbirkorlar uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Hozirda "Biznes va inson huquqlari" milliy harakat rejasi ishlab chiqilmoqda.
Sakkizinchidan, mamlakatimizda siyosat, sud-huquq va huquq sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilib, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarining diniy erkinlik sohasida ham roli ortib bormoqda. O‘zbekiston turli konfessiyalar va etnik jamoalar asrlar davomida ahil-inoq yashashining tarixiy tajribasini e’tirof etib, o‘z chegaralarida diniy erkinlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda.
To‘qqizinchidan, Saylov kodeksiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovni aralash saylov tizimidan foydalangan holda o‘tkazish tartibini belgilovchi o‘zgartirishlar kiritildi. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida 30 foizdan 40 foizgacha nomzodlarning umumiy sonida ayollarning minimal ulushini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar kiritilmoqda.
O‘ninchidan, Orol fojiasi bilan kurashish davom etayotgan murakkab sharoitda Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoning iqlim o‘zgarishi ta’siri doirasidagi eng zaif hududlaridan biriga aylanib bormoqda. O‘zbekiston global muammo bo‘lib qolayotgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.
O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi va EXHT/DIIHB bilan hamkorlikda joriy yil iyun oyida iqlim o‘zgarishi va inson huquqlariga bag‘ishlangan IV Samarqand forumini o‘tkazadi. Shu munosabat bilan Akmal Saidov o‘z so‘zining yakunida Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 55-sessiyasi ishtirokchilarini ushbu forumga taklif etdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi Oliy darajadagi segmenti o‘z ishini 28 fevralgacha davom ettiradi.