Hindistonda Air India’ning AI171 reysi bilan bog‘liq aviahalokatni tekshirish doirasida tajovuzkor voqealar aniqlandi. Halokatda 260 kishi halok bo‘lgan. Hindistonning Aviahalokatlarni tekshirish byurosi (AAIB) tayyorlagan dastlabki hisobotga ko‘ra, uchuvchilar kabinasidagi har ikki yoqilg‘i uzatish kaliti uchishdan bir necha soniya o‘tib ketma-ket o‘chirilgan — bu esa muharriklarga yoqilg‘i yetib borishini to‘xtatgan.
Oxirgi so‘zlar kabinadagi yozuv qurilmasida qayd etilgan. Bir uchuvchi: «Nima uchun sen o‘chirding?» deb so‘ragan. Ikkinchisi: «Men qilmadim», — deb javob bergan. Hozircha so‘zlovchilar aniqlanmagan, lekin uchish vaqtida samolyotni ikkinchi uchuvchi boshqargani, kapitan esa nazorat qilgani ma’lum.
Hisobotda ta’kidlanishicha, yoqilg‘ini tasodifan o‘chirish deyarli mumkin emas: kalitlarni «o‘chirilgan» holatga o‘tkazish uchun avval ko‘tarib, so‘ngra burish kerak — bu amaliyot odatda yerda amalga oshiriladi. Shundan so‘ng pilotlardan biri muharriklarni qayta ishga tushirishga uringan, ammo 15 soniya o‘tib, samolyot yerga urilgan va portlagan.
2018 yil dekabrida AQSh Federal aviasiya ma’muriyati (FAA) Boeing 737 va 787 modellaridagi yoqilg‘i kalitlarida blokirovka nosozligi bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Air India esa bu tekshiruvni o‘tkazmagan, chunki u majburiy emas, faqat tavsiya etilgan deb hisoblangan.
Bu halokat aviasiya xavfsizligi sohasida jiddiy savollarni ko‘ndalang qo‘ymoqda — ayniqsa, uchuvchilar tayyorgarligi va texnik xizmat ko‘rsatish tartibi borasida.