Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ishchi tashrif bilan Xorazm viloyatida bo‘lib turgani haqida xabar bergan edik. Vazirning navbatdagi tashrif obekti viloyatdagi aholi tomorqalari bo‘ldi.
📌Viloyat tumanlari qishloq xo‘jaligi bo‘lim boshliqlari hamda tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari bilan birgalikda aholi tomorqalari ko‘zdan kechirilar ekan, bugun tomorqa egalari faqatgina o‘zi uchun emas, balki o‘z ehtiyojini qoplab, undan bozorga chiqarishi va shu orqali daromad topishi kerak degan falsafani ilgari surish kerakligi o‘rtaga tashlandi.
🟢Xorazmdagi aholi xonadonlari bilan tanishish chog‘ida Ibrohim Abdurahmonov bu yerda ham Sayxunobod tajribasini joriy etish lozimligiga e’tibor qaratar ekan, ko‘pchilik buni hali tushunib yetmagani bois, aholining o‘z tomorqalaridan samarali foydalanishida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar hamda bunda mahalla yettiligining o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan mahalla aholisi va faollar bilan suhbat chog‘ida “Har bir mahallaga kiraverishda tartib, intizom bo‘lishi, mahallaning fayzi, go‘zalligi va ozodaligi mahallada yashovchi insonlarning mehnasevarligi, vatanparvarligi sezilib turishi kerak. Buning uchun esa mahalla yettiligi yo‘l bo‘yidagi daraxtlarga shakl berilishiga, ko‘chalarning holati yaxshilanishiga, hududning tozaligiga e’tibor qaratishi lozim, shundagina aholi nafaqat o‘z xonadonini, balki mahallasini ham sevishni boshlaydi. Bir-biriga mehnat madaniyatini, ozodalikka, go‘zallikka oshno bo‘lishni o‘rgata boshlaydi. Har bir mahallaning tinchligi, taraqqiyotini ta’minlaydigan va barchaga namuna bo‘lgulik, ertangi ko‘zgusini shakllantiradigan insonlar ko‘payadi”, – dedi vazir Ibrohim Abdurahmonov.