13 avgust, seshanba kuni Afrikaning oliy sog‘liqni saqlash idorasi Kongo Demokratik Respublikasidan qo‘shni mamlakatlarga tarqalgan chechak epidemiyasi tufayli "qit’a xavfsizligiga tahdid soluvchi jamoat salomatligi favqulodda holati"ni e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Chechak yaqin aloqa orqali yuqadi va grippga o‘xshash alomatlar va yiringli teri lezyonlarini keltirib chiqaradi. Ko‘pgina hollarda kasallik yengil, ammo o‘limga olib kelishi mumkin.
"Kongodagi epidemiya Clade I deb nomlanuvchi endemik shtammning tarqalishi bilan boshlandi. Ammo Clade Ib deb nomlanuvchi yangi shtamm muntazam yaqin aloqalar orqali, ayniqsa bolalar orasida osonroq tarqaladi", deyiladi bayonotda.
Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Africa CDC) o‘tgan haftada virusli infeksiyaning tarqalish tezligi xavotirli ekanligini aytdi. Shuningdek, joriy yilda qit’ada chechak bilan kasallangan 15 mingdan ortiq holat va 461 kishi vafot etgani, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 160 foizga oshgani ma’lum qilindi.