Noma’lum shaxslar Afg‘oniston sharqidagi Jalolobod shahrida (Nangarhor viloyati ma’muriy markazi) Hindiston konsulligi xodimiga hujum qildi.
Bu haqda Afg‘onistonning Ariana News telekanali Nangarhor polisiyasi matbuot kotibiga tayanib xabar berdi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga uchragan shaxs afg‘on bo‘lib, Hindiston konsulligida tarjimon bo‘lib ishlaydi. Uning ahvoli haqida ma’lumotlarga oydinlik kiritilmoqda.
Mahalliy hokimiyat organlari hodisa sabablarini o‘rganmoqda.
O‘z navbatida, Qatarning "Al-Jazira" telekanali manbasiga tayanib, Jalolobodda noma’lum shaxslar Hindiston konsulligiga tegishli avtomobilni portlatib yuborganini xabar qildi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi jarohatlangan. Marhum haqida ma’lumot berilmagan.