Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektoriga 530 tonna gumanitar yordam yuborilganini ma’lum qildi. Bu haqda Ariana News xabar berdi.
Insonparvarlik yordami Misrning Rafah o‘tish punkti orqali yetkazilgan. Yordam Afg‘oniston bosh vazir devoni ko‘rsatmasi asosida tayyorlangan. Afg‘oniston delegasiyasi kerakli buyumlarni Misrdan xarid qilgan.
Yuk tarkibiga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar kiradi. Yordam 42 ta yuk mashinasida tashilgan va taxminan 500 ming dollarga baholanmoqda. U G‘azodagi 22 mingga yaqin oilaga tarqatilishi kutilmoqda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Afg‘oniston xalqaro hamjamiyatni G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatish uchun samarali choralar ko‘rishga chaqirdi.