Bugun 18 iyul, 2025 yil, juma

КИР

Advokatlik tuzilmasi yangidan tashkil etilganda advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilish talab etilmaydi

A A A
Advokatlik tuzilmasi yangidan tashkil etilganda advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilish talab etilmaydi

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva advokatura sohasidagi o‘zgarishlar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi:

2022 yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, ushbu qaror bilan advokaturani raqamlashtirishga oid asosiy vazifalar belgilab olindi.

- advokatlik faoliyati uchun lisenziyalar elektron shaklda maxsus QR-kod qo‘yilgan holda inson omilisiz berilishi belgilandi;

- talabgorlarga advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihoniga hujjat topshirishning elektron tartibi yo‘lga qo‘yildi, talabgorga imtihon o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqida elektron shaklda, shuningdek “SMS” xabaronoma yordamida ma’lum qilinadi;

- advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladi;

- advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun lisenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ya’ni, talabgor bir marta ariza berib, ushbu barcha xizmatlardan ketma-ket ravishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Har bir murojaat uchun alohida vakolatli organlarga tashrif buyurishi, takroran ariza berishi talab etilmaydi;

- 2023 yil 1 yanvardan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integrasiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirildi;

“Yuridik yordam” axborot tizimida:

• advokatlar elektron reestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantirildi;

• advokatlik orderini maxsus QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi;

• orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilindi;

• advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etildi;

• advokatlik tuzilmalaridan statistik ma’lumotlarni an’anaviy shaklda yig‘ish bekor qilinib, statistik ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi.

Shu bilan birga, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonun Senat tomonidan ma’qullandi. Ushbu Qonunga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatilishi, davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, advokatlarning dalillarni to‘plash va sud prosessidagi vakolatlari kengaytirilib, advokatlarga ekspertiza tayinlash va ekspert xulosasini sud materiallariga qo‘shib qo‘yilishini so‘rash huquqi berildi.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 iyunda Vazirlar Maxkamasining 226-son qarori bilan tasdiqlangan Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizom bilan advokatlik guvohnomalarining QR-kod qo‘yilgan ID-karta shaklidagi yangi namunasi tasdiqlandi.

QR-kodni skanerlash orqali advokatning advokatlik guvohnomasi kim tomonidan berilganligi, advokat maqomi, advokat faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, advokatning ixtisosligi, lisenziya raqami va berilgan sanasi aniqlanadi.

Bunda advokatning ixtisosligi va faoliyat yuritadigan tuzilmasi o‘zgarganda guvohnomani qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Shuningdek, advokatlik guvohnomasini olish uchun faqatgina elektron murojaat qilishning o‘zi kifoya qiladi (talabgordan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi).

• advokatlik guvohnomasini olish uchun elektron shaklda murojaat qilinadi;

• agarda advokat advokatlik tuzilmasini yangi tashkil etgan bo‘lsa, advokatlik guvohnomasini olish uchun murojaat qilishi talab etilmaydi. Unga guvohnoma avtomatik tarzda kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan beriladi;

• advokatlik guvohnomasini guvohnoma beruvchi organga bormasdan turib olish mumkin bo‘ladi;

Bunda advokatlik guvohnomasi advokatning xohishiga ko‘ra advokatlik tuzilmasining manziliga kur’erlik xizmati orqali yuboriladi.

Kiritildi: 17:40 06.06.2023. O'qildi: 1374 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!