Fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integrasiya qilish maqsadida “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Mazkur tizim yordamida advokatlar elektron reestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantirilib, advokat bilan onlayn muloqot qilish, onlayn bitim tuzish, onlayn yuridik xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Advokatura, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjat almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Advokatning professional faoliyati kafolatlarini ta’minlashda advokat so‘rovini elektron yuborish, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari va sud majlisi o‘tkazilishi vaqti va joyi to‘g‘risida advokatni elektron xabardor qilish kabilar joriy etiladi.
Bularning barchasi davlatimiz rahbarining “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ta’minlanadi.
2023 yil 1 yanvardan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun lisenziya berish “Lisenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va rasmiylashtiriladi.
Talabgorning imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganligiga oid qaror va hujjatlar “Lisenziya” axborot tizimiga biriktirilib, advokatlik lisenziyasini tegishli hududiy adliya organiga bormasdan onlayn olish imkoniyati yaratiladi. Bunda malaka imtihonini topshirishning amaldagi tartibi saqlab qolindi.
Advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali faqatgina elektron tarzda amalga oshiriladi.
Advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik lisenziyasini olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatilishi belgilandi. Malaka imtihonini topshirish uchun talabgorlardan tegishli hujjatlarni qog‘oz shaklida emas, elektron qabul qilish amaliyoti joriy qilinadi. Talabgorlarga imtihon vaqti va joyi haqida elektron xabar beriladi.
Amaliyotda advokatlik orderlarini olish bo‘yicha yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish zamirida advokatga an’anaviy shakldagi order maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan “Elektron advokatlik orderi”ni berish tartibi joriy etish belgilandi. Bunda orderni olishda ishonch bildiruvchi bilan tuzilgan shartnomaning rekvizitlarini “Yuridik yordam” tizimiga kiritilishi asos hisoblanadi.
Amaliyotga joriy etilishi kutilayotgan o‘zgarishlar natijasida sohadagi byurokratik muammolar, ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi.