Angliya Premyer-ligasining 3-tur uchrashuvi yakunlandi. Unda «Brayton end Xouv Albion» hamda «Manchester Siti» jamoalari to‘qnash keldi. Bellashuv yakuniga ko‘ra hisob 2:1 tarzida «chaykalar» foydasiga hal bo‘ldi.
34-daqiqada Erling Xoland hisobni ochib, «shaharliklar»ni oldinga olib chiqdi. 67-daqiqada Jeyms Milner penaltini aniq ijro etdi va hisobni tenglashtirdi. 89-daqiqada Brayan Gruda g‘alaba golini urdi.
O‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Abduqodir Husanov 63-daqiqada xavfli podkat uchun sariq kartochka oldi. 84-daqiqada esa hamyurtimiz jarohat oldi va Gvardiola uni zaxiraga oldi.
Ushbu o‘yindan so‘ng «chaykalar» 4 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinda bormoqda. «Shaharliklar» esa 3 ochko bilan 12-pog‘onada joylashgan.
Kelasi turda «Brayton end Xouv Albion» 13 sentyabr kuni safarda «Bornmut»ga qarshi o‘ynaydi. «Manchester Siti» esa 14 sentyabr kuni o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi.
Angliya — Premyer-liga. 3-tur
31 avgust 2025 yil, yakshanba.
Brayton end Xouv Albion — Manchester Siti - 2:1
Gollar: 0:1 — Xoland (34'), 1:1 — Milner (67', penalti), 2:1 — Gruda (89')