Ma’lumki, dunyoning qator mamlakatlarida 5 iyun – Butunjahon atrof- muhit kuniga bag‘ishlab turli xil tadbirlar, jumladan, “yashil” konsertlar, ko‘rik-tanlovlar, bog‘lar yaratish, shuningdek, atrof-muhitni tozalashga qaratilgan turli ekologik aksiyalar o‘tkaziladi. Keyingi yillarda bu an’ana bizning yurtimizda ham keng davom etib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, hamjamiyat e’tiborini atrof muhitni muhofaza qilish muammolariga hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratishdir.
Bugun Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani Alimkent qo‘rg‘oni, “Guliston” MFY dagi Ixtisoslashtirilgan Prezident maktabida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shu sanaga bag‘ishlandi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent viloyati partiya tashkiloti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi, Nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy Kengash depututlari, tuman, shahar partiya tashkiloti Kengashi raislari hamda partiya a’zolari hamda partiya faollari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar atrof-muhitni muhofaza qilishda O‘zbekiston Ekologik partiyasining tutgan o‘rni va uning asosiy vazifalari xususida keng to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent viloyati partiya tashkiloti Kengashi raisi Furqatjon Ahmedjanov o‘z so‘zida aholi sonining oshib borishi, sanoat va transportning rivojlanishi, fan-texnikaning taraqqiy etishi, insonning biosferaga ko‘rsatayotgan ta’siri kengaytirib borayotganligini, bu esa o‘z navbatida ekologik muammolarga sabab bo‘layotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan maktab o‘quvchilari ekologiyani asrash borasidagi o‘zlarining loyihalarini namoyish etishdi.
Tadbir so‘ngida atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muvozanatni saqlashda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan mahalla faollari, ekovolontyorlarga tashakkurnoma hamda sertifikatlar topshirildi.
Gulruh Yormatova, jurnalist